O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida davriy bosma nashrlarni tarqatish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasida davriy bosma nashrlarni tarqatish qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:

1. 1-bandda:

quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirildi:

“bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot - O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan yoki cheklangan axborot mahsuloti;”;

ikkinchi - beshinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi - oltinchi xatboshilar deb hisoblanadi.

2. Quyidagi mazmundagi 9-1-band bilan to‘ldirildi:

“9-1. Davriy bosma nashrlarning yoshga oid tasnifini, shuningdek jamoat joylarida yopiq o‘rovlarda tarqatilishi kerak bo‘lgan davriy bosma nashrlarni aniqlash o‘rnatilgan tartibda tahririyatlar tomonidan amalga oshiriladi.”.

3. 13-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etildi:

“Katalogda davriy bosma nashrning nomi va indeksi, katalogni nashr qilgan tarqatuvchining telefon raqami, davriy bosma nashrning obuna narxi, bosmadan chiqish davriyligi, obuna davri, davriy bosma nashrlarning yoshga oid tasnifi va boshqa axborotlar ko‘rsatiladi.”

4. 25-band quyidagi tahrirda bayon etildi:

“25. Davriy bosma nashrlarning navbatdagi sonlari sotuvga kelib tushganligi to‘g‘risida xaridorlarni xabardor qilish uchun davriy bosma nashrlarning yangi sonlari ko‘rinadigan joyda hamma ko‘rishi uchun chiqarib qo‘yiladi, bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotni o‘z ichiga olgan davriy bosma nashrlar bundan mustasno.

Jamoat joylarida bolalarning sogligiga zarar yetkazuvchi axborotni o‘z ichiga olgan davriy bosma nashrlarni faqat yopiq o‘rovlarda tarqatishga yo‘l qo‘yiladi.”