Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidan «Ozodlik» radiosiga shikoyat qilgan fuqarolardan biri tuman pasport stoli oldida katta navbat yuzaga kelgani, odamlar ertalabdan kechgacha navbatda turishayotgani, bo‘lim xodimlari juda sust ishlashayotganini bayon qilgan. Shuningdek, u yangi biometrik pasport olish uchun rasman eng kam oylik ish haqining teng yarmi barobarida davlat boji undirishi belgilangan bo‘lsa-da, pasport olinayotganda yana 3500 so‘m talab qilinayotganini ro‘kach qilib, IIB xodimlarini korrupsiyada ayblagan va uzun navbatlar hamda qonunga zid ravishda pul yig‘ilishiga barham berilishi so‘ragan.

Kun.uz muxbiri ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Samarqand viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Bahodir Aliyev bilan suhbatlashdi.

— Kattaqo‘rg‘ondagi pasport stoli oldida katta navbatlar yuzaga kelishini qanday izohlaysiz?

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 5 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–4262-sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 14 dekabr kungi 361-sonli qaroriga asosan fuqarolarni biometrik pasport bilan hujjatlashtirish ishlarini 2018 yilning 1 iyul kuniga qadar yakunlash lozimligi ko‘rsatilgan.

Viloyat aholisining pasport olishi shart bo‘lgan fuqarolari soni ayni kunda 2 million 420 ming 190 nafarni tashkil etadi. Bugungi kunda ularning 2 million 228 ming 278 nafari ya'ni 92,07 foizi biometrik pasport olgan. Hali pasport olishga ulgurmagan fuqarolar soni viloyatda 191 ming 912 nafarni tashkil etadi.

Bevosita Kattaqo‘rg‘on tumaniga to‘xtaladigan bo‘lsak, tumanda pasport olishi shart bo‘lgan fuqarolar soni 166 ming 906 nafarni tashkil etib, ularning 145 ming 913 nafari, ya'ni 87,42 foizi yangi pasport olishga ulgurishgan. Tumanda yana 20 ming 933 nafar fuqaroga bometrik pasport berilishi kerak. Aytish joizki, 12,48 foiz — bu viloyatdagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Biz 1 iyulga qadar viloyatda pasport olmagan fuqarolarni pasport olishga ulgurishlari uchun uzoq vaqtdan beri ommaviy axborot vositalari — televideniye, radio va gazetalar xizmatidan foydalangan holda targ‘ibot ishlarini o‘tkazib, fuqarolarni keyinchalik jarima to‘lamaslik uchun ulgurib qolishga chorladik.