SamDUning Kattaqo‘rg‘on filialining faollar zalida shiftdagi beton plitaning qulagani holati bo‘yicha JKning 258-moddasi (Qurilish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘ldi.
Avvalo eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida 6 nafar talaba jarohat olgan. 2008 yilda foydalanishga topshirilgan binoda, voqea ro‘y bergan paytda asosan 1-kurs talabalari ishtirokida mustaqillik darsi o‘tkazilayotgan bo‘lgan.

Faollar zalini ko‘zdan kechirishning iloji bo‘lmadi. Ma’lum bo‘lishicha, voqea ortidan filialga vakolatli tashkilotlar yetib borgan va xona muhrlangan. Zal 2-qavatda joylashgan bo‘lib, 1-qavat shiftining plita qulagan joyida shiftga ziyon yetganini ko‘rish mumkin.

SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali dekan o‘rinbosari Abduhoshim Ziyatovning aytishicha, 4 sentabr kuni 1-kurs talabalari ishtirokida mustaqillik darsi o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Tadbirda 150 dan ortiq talaba, dekan va shahar hokimligi vakili qatnashgan. Beton plita aynan minbar tomonga tushgan. Beton ko‘chish jarayonida qattiq tovush chiqqan va fakultet dekani o‘zini chetga olishga ulgurgan. Plita parchalari birinchi qatorda o‘tirgan ayrim talabalarga jarohat yetkazgan.
“Ayni vaqtda ikki nafar talabamiz Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida davolanyapti. Sog‘lig‘i nazorat ostida, xavf-xatar ortda qoldi”, – dedi Ziyatov.


Beton plita qulab tushishi oqibatida jarohat olgan ikki nafar talaba qizning salomatligini bilish maqsadida Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasida bo‘ldik.
Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Humoyun Hamroyevning aytishicha, voqeadan keyin birlashmaga murojaat qilgan talabalarning barchasiga birinchi yordam ko‘rsatilgan, ulardan ikki nafarining sog‘lig‘i shifokorlar nazoratida.
“Ikkisi ham o‘rta og‘ir ahvolda, hushi o‘zida va savollarga ravon javob bermoqda. Qizlarda qo‘rquv hissi bo‘lgani sabab kuzatuvga olingan. Voqea ortida jabrlangan barcha talabalar bilan psixoterapevtik muolajalar olib borilmoqda. Hech bir talaba sinish jarohatini olmagan”, – dedi u.








