Jahon | 19:10 / 01.04.2018
15116
3 daqiqa o‘qiladi

Miting ishtirokchilaridan tiz cho‘kib kechirim so‘ragan amaldor Kemerovoga vaqtincha gubernator etib tayinlandi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kemerovo gubernatori Aman Tuleyevning iste'fosini qabul qildi va uning o‘rniga birinchi o‘rinbosari Sergey Tsivilevni saylovlar o‘tkazilgunga qadar viloyat gubernatori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinladi.

Kemerovoda gubernatorlik saylovi joriy yilning 9 sentabrida bo‘lib o‘tadi.

Tsivilev «Zimnyaya vishnya» savdo markazidagi yong‘indan keyingi mitinglar vaqtida mashhur bo‘lib ketgandi. 

U miting ishtirokchilari qarshisiga chiqib, avvaliga yong‘in vaqtida 5 nafar yaqin kishisi, xotini, singlisi va 3 farzandini yo‘qotgan Igor Vostrikovni yuz bergan hodisadan «o‘zini piar qilishda foydalanayotganlikda» ayblagandi. Ammo o‘sha kuni u miting ishtirokchilari qarshisida tiz cho‘kib, uzr so‘ragandi.

Yangi lavozimga tayinlangach, Tsivilev Kemerovo aholisiga «ushbu qo‘rqinchli fojiada aybdorlarning barchasi jazolanishi uchun qo‘lidan kelgan ishni qilishi»ni bildirdi.

Bundan oldinroq Kemerovo viloyatiga 21 yildan buyon gubernatorlik qilib kelgan Aman Tuleyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga o‘z ixtiyoriga ko‘ra iste'foga chiqishi yuzasida murojaat qilgandi.

U «Zimnyaya vishnya» savdo markazidagi yong‘indan so‘ng odamlar qarshisiga chiqmadi va bugun, 1 aprel kuni iste'fo berdi.

«Buni birdan-bir to‘g‘ri qaror deb bilaman. Chunki bunday og‘ir yuk bilan gubernator lavozimini egallab turish mumkin emas. Hammamiz Kemerovoda 25 mart kuni ro‘y bergan fojiadan iztirobdamiz. Aksariyati bolalar bo‘lgan 64 kishini yo‘qotdik. Bu yo‘qotish dardini har bir odam yuragidan o‘tkazdi. Yana bir bor chuqur hamdardlik bildiraman. Biroq yo‘qotganlarimiz xotirasini yodda tutish uchun ham yashashda davom etishimiz kerak», — dedi Tuleyev videomurojaatida.

73 yoshli Aman Tuleyev Kemerovo viloyatini 1997 yildan beri boshqarib kelgan, gubernatorlik lavozimiga to‘rt marotaba qayta saylangandi. Uning bu galgi vakolati 2020 yilda nihoyasiga yetardi.

Kemerovoda 25 mart kuni «Zimnyaya vishnya»da yuz bergan yong‘in oqibatida 64 odam halok bo‘ldi, shundan 41 nafari bolalar. Ayni vaqtda hodisa yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda, ochilgan jinoiy ish doirasida o‘ndan ortiq kishi qo‘lga olingan.

Mavzuga oid