Jahon | 12:26 / 06.06.2024
6871
4 daqiqa o‘qiladi

Kemerovoda tramvaylar to‘qnashuvi: bir kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi

Kemerovoda tramvaylar to‘qnashuvi oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 100 kishidan oshdi. Ular orasida yetti nafar bola ham bor.

Foto: Videodan kadrlar

Kemerovoda 6 iyun, payshanba kuni ertalab ikki tramvayning to‘qnashuvi natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 100 dan ortiq kishi jabrlangan. Ulardan biri kasalxonada vafot etdi, dedi shahar meri Dmitriy Anisimov. Jabrlanganlar orasida yetti nafar bola ham bor, dedi Kuzbass sog‘liqni saqlash vaziri Dmitriy Beglov.

Ayni paytda, «Rosbalt» internet-nashri kasalxonaga yotqizilganlarning uch nafari ahvoli og‘ir ekanini ta’kidlamoqda: «ikki kishi reanimatsiyaga, biri operatsiya xonasiga yuborilgan». Shunga o‘xshash ma’lumot «Ranshe vsex. Nu pochti» Telegram-kanali tomonidan tarqatildi. «Ulardan (kasalxonaga yotqizilganlar) uch nafari og‘ir ahvolda, shifokorlar ularning hayoti uchun kurashmoqda», - deya ta’kidlaydi mualliflar.

Kemerovodagi tramvaylar to‘qnashuvi haqida nimalar ma’lum?

TASS agentligi xabar berishicha, tramvaylarning to‘qnashuvi mahalliy vaqt bilan taxminan soat 7:30da (Toshkent vaqti bilan 5:30) Logovaya shossesida Tom daryosi ustidagi ikki ko‘prikdan biri – Kuznetskiy ko‘prigi boshida sodir bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, ikkinchi ko‘prik kapital ta’mirlash ishlari tufayli qisman yopilgan. Tramvaylar qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib, «Naberejnaya» bekati yaqinida to‘qnashib ketgan. 

«Ranshe vsex. Nu pochti» Telegram-kanalida aytilishicha, voqea sodir bo‘lganidan keyin Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi (TQ) xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Ikkita tramvay - ikkita model

«Sibirskiy ekspress» Telegram-kanaliga ko‘ra, Kemerovodagi halokatga uchragan tramvaylar Rossiyaning 71-619KT va Belarusning BKM 60102 rusumli modellariga tegishli. «E’lon qilingan videolarga ko‘ra, aynan BKM burilishdan oldin tezlikni juda oshirgan, undan keyin bir necha kishi uchib chiqib ketgan. So‘ng u 71-619KT tramvayiga kelib urilgan», - deya ta’kidlaydi mualliflar. 

Hodisa sabablarining rasmiy versiyasi xabar e’lon qilingan vaqtda oshkor etilmagan.

«Sibirskiy ekspress» Telegram-kanali, shuningdek, Kemerovo tramvay korxonasi xodimlaridan biri tomonidan yozib olingan va Telegram’dagi «Insident Kuzbass» yopiq hamjamiyatida e’lon qilingan audioyozuvdan iqtibos keltiradi. Unda aytilishicha, muallif tramvay haydovchisining «birinchi guruh tormozi ishlamay qolgani uchun» ariqqa qarab harakatlanganini ko‘rgan, ammo baribir uni marshrutga jo‘natishgan. 

Keyinchalik Kemerovo elektrtransport kompaniyasi matbuot xizmati bu ma’lumotni rad etdi, deyiladi postda. «Tramvay liniyaga yaxshi holatda chiqarildi, liniyada bitta reysni ham bajardi. 2021 yilda ishlab chiqarilgan tramvay. Rulda 2023 yil oktyabr oyidan beri ishlab kelayotgan haydovchi bo‘lgan. Ish davomida u o‘zini faqat ijobiy va mas’uliyatli tomondan ko‘rsatgan», - deya TASS agentligi kompaniya vakilining so‘zlaridan iqtibos keltiradi. 

Shot Telegram-kanali yozishicha, tramvayni 23 yoshli Aleksandra M boshqargan. Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, u hozir og‘ir ahvolda reanimatsiyada. «Uning tramvayi 2 iyun kuni to‘liq texnik xizmat ko‘rsatishdan o‘tkazildi. Mashinaning o‘zi yaxshi holatda edi, uning kitobida hech qanday shikoyat yo‘q. Bugungi kunning birinchi reysi odatiy rejimda o‘tgan. Ikkinchisida esa tramvay qiyalikdan tushishda qattiq tezlashib ketgan, haydovchi uni to‘xtata olmagan», - deydi jurnalistlar. 

Mavzuga oid