Jahon | 22:06 / 04.04.2018
4059
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada internet orqali xarid hajmi 1 trln rubldan oshib ketdi

Foto: Sostav.ru

Rossiyada internet-savdo bozori 2017 yilda 13 foizga oshib, 1,04 trln rublni tashkil qildi. Bu haqda Internet-savdo kompaniyalari uyushmasida (AKIT) ma'lum qilingan. Biroq bu natija uyushmaning umidlarini oqlay olmadi, u bozor 25 foizga o‘sib, 1,15 trln rublni tashkil qilishini kutgandi.

“Biz kattaroq natija kutgandik. O‘sish 2 marta sekinlashgan”, deb aytgan AKIT prezidenti Aleksey Fyodorov. U o‘sish sekinlashganini 2017 yilda rossiyaliklarning xarid qilish qobiliyati 9 foizga kamaygani bilan tushuntirgan. 

Uyushma 2018 yilda internet-savdo bozori hajmi 1,25 trln rublga yetishini kutmoqda.

Foto:VC.ru

2017 yilda rossiyaliklar xorijiy internet-do‘konlarda 374,3 mlrd rubl sarflashgan, bu esa 2016 yilga nisbatan 24 foiz ko‘proq bo‘lgan. Xorijiy do‘konlarga rossiyaliklarning barcha onlayn-xaridlarining 36 foizi to‘g‘ri kelgan.

Xorijiy xaridlarning 91 foizi Xitoyga to‘g‘ri kelgan. Bu borada Yevropa Ittifoqi ulushi 3 foizni, AQShniki 2 foizni tashkil qilgan.  

Foto:VC.ru

Rossiyaliklarning xorijiy internet-do‘konlardagi aksariyat xaridlari qiymati boj to‘lanmaydigan summa – 22 yevrodan oshmaydi. Bunday xaridlarga tranzaksiyalarning 61,4 foizi, 22 yevrodan 55 yevrogacha buyurtmalarga 22,2 foizi, 50 yevrodan 150 yevrogacha xaridlarga 11,6 foizi to‘g‘ri kelgan.

Foto:VC.ru

Ayni vaqtda dunyodagi eng yirik elektron savdo bozori Xitoy hisoblanadi. 2017 yilda Xitoyning internet-savdo bozori 32 foizga oshib, 1,15 trln dollardan ko‘proqni tashkil qilgan. Bu borada 2-o‘rin AQShga tegishli, 2017 yilda uning internet-savdo bozori hajmi 455 mlrd dollarni tashkil qilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid