O‘zbekiston | 22:44 / 06.04.2018
7799
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yiliga mingdan ziyod murakkab kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkaziladi

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan va eng so‘nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan uch qavatli yangi bino foydalanishga topshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Zamonaviy andozalar asosida barpo etilgan yangi binoning foydalanishga topshirilishi kardiologiya sohasida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga zamin hozirladi. Xususan, bemorlarni klinik va funksional tekshiruvdan o‘tkazish uchun xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan zamonaviy tizim yaratildi. Endilikda bemorlar bitta binoning ichida barcha tekshiruvlardan o‘tish imkoniga ega bo‘ldi. Ya'ni, funksional diagnostika bo‘limida EKG, EXOKG, VEM, Tredmil test, XMEKG kabi tekshiruvlar, shuningdek, rentgen, genetik tahlil o‘tkazish, ambulator tekshiruvlar xonasi va ma'muriy xonalar tashkil etildi.

Ikkinchi qavatda esa 20 o‘ringa mo‘ljallangan interventsion aritmologiya bo‘limi, barcha qulayliklarga ega zamonaviy rentgen operatsion blok tashkil etilgan. Uchinchi qavatda 20 o‘rinli interventsion kardiologiya va rentgen endovaskulyar jarrohlik bo‘limi joylashgan bo‘lib, ushbu operatsiya xonalarida jahon tibbiyotida qo‘llanilayotgan interventsion jarrohlik amaliyotlarining barchasini o‘tkazish imkoniyati mavjud.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Mazkur yangi bino qurilishi uchun davlat tomonidan 20 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Binoga o‘rnatilgan xorijdan keltirilgan CIAT ventilyatsiya tizimi haroratni qishin-yozin bir xilda saqlash va doimiy toza havo bilan ta'minlash imkonini beradi.

Germaniyaning KFW banki tomonidan Respublika tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun ajratilgan kredit mablag‘laridan 3,5 million yevro hisobiga Rentgen endovaskulyar jarrohlik bo‘limiga Gollandiyaning Philips Allura Xper FD20 firmasining zamonaviy universal angiografiya uskunasi, elektrofiziologik tekshiruvlar uchun BARD tizimi, harakatlanuvchi angiografiya uskunasi, radiochastotali generator va boshqa yuqori texnologiyali uslublarga asoslangan zamonaviy apparatlar o‘rnatildi.

Binoda, shuningdek, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining kardiologiya kafedrasi o‘quv xonalari, majlislar zali, kutubxona, kardiologiya muzeyi, ma'rifat va targ‘ibot xonalari ham tashkil etildi. Bu ilm-fan va tibbiyot yutuqlarini takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etishda katta imkoniyatdir.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish