Jamiyat | 21:06 / 10.04.2018
10755
2 daqiqa o‘qiladi

Furnitura o‘rniga gazlama olib kirmoqchi bo‘lganlar fosh etildi

Respublikada tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun joriy qilingan qulaylik va yengilliklarni sui'stemol qilgan holda tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy yo‘llar bilan olib kirishga bo‘lgan navbatdagi urinishlar fosh etildi.

Bojxona organlari tomonidan faoliyatga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy qilish bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishga xizmat qilish bilan bir qatorda tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib o‘tish hamda davlat byudjyetiga undirilishi lozim bo‘lgan to‘lovlardan qochishga bo‘lgan urinishlarni o‘z vaqtida aniqlashga xizmat qilmoqda.

Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan shu turdagi bir qator bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi.

Xususan, poytaxtda faoliyat ko‘rsatuvchi mas'uliyati cheklangan jamiyati nomiga Turkiyadan  keltirilgan yuklar mobil skaner ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, aslida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra qiymati salkam 3 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi 3,8 tonna og‘irlikdagi tikuvchilik furnituralari o‘rnida butunlay boshqa tovarlar ya'ni 83 o‘ramda salkam 12 ming metr kvadrat gazlamalar borligi ma'lum bo‘ldi, deb xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati.

Foto: Toshkent shahar bojxona boshqarmasi

Shunga o‘xshash holat yana bir mas'uliyati cheklangan jamiyat nomiga olib kelingan yuklarning bojxona ko‘rigi davomida ham qayd etildi. Hujjatlarga ko‘ra 10 ming AQSh dollaridan ortiq qiymatdagi ushbu yuklar 1,4 tonna og‘irlikdagi, 10 ming metr kvadratdan ortiq matolar bo‘lishi lozim edi. Ammo bojxona ko‘rigi davomida ushbu tovarlar hujjatda ko‘rsatilganidan salkam 4800 metr kvadratga ko‘proq ekanligi aniqlandi. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid