14:53 / 17.04.2018
16514

5 mlrd so‘mga yaqin tovarlarni respublika hududiga noqonuniy olib kirish holati fosh etildi

Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorlikda bojxona to‘lovlarini to‘lamasdan juda ko‘p miqdordagi televizorlarni respublikaga noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq jinoyatni fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Birlashgan Arab amirliklaridan “People group Uz” korxonasi nomiga yuborilgan 2 ta temir yo‘l konteyneridagi yuklar bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish maqsadida “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yetib kelgan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Garchi yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, ushbu konteynerda 1644 dona televizorlar keltirilgani ma'lum qilingan bo‘lsa-da, hujjatlardagi ma'lumotlarning o‘chirilganligi va bo‘yalganligi bojxona xodimlari tomonidan ushbu yuklarning alohida nazoratga olinishiga sababchi bo‘ldi. Shuningdek, yuk egalarining o‘z tovarlarini olish uchun kelmaganligi bu boradagi shubhalarni yanada kuchaytirdi.

Shundan so‘ng, ushbu konteynerlar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda har ikkala konteyner ham bo‘m-bo‘sh ekanligini aniqlandi. Boz ustiga, soliq va bojxona idoralaridagi mavjud axborot bazalarida hujjatlarda ko‘rsatilgan “People group Uz” korxonasi aslida umuman mavjud emasligi ham ayon bo‘ldi.

Mazkur hodisadan so‘ng Davlat bojxona qo‘mitasi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda zudlik bilan tezkor-tekshiruv tadbirlari amalga oshirildi. Natijada, ushbu yuklar “Toshkent tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yetib kelgunga qadar fuqarolar N. X va A.A. tomonidan oldindan jinoiy til biriktirilgan holda konteynerdan tushirilib, qayta sotish maqsadida poytaxtimizdagi savdo markazlariga hamda bir qismi fuqaro A.U.ning xonadoniga yashirilganligi fosh bo‘ldi.

Hozirda ushbu qonunbuzarlik holati yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Top