O‘zbekiston | 13:02 / 19.04.2018
11101
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonga avtomobillar va meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib beradi

Foto: UzDaily

O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistondagi elchixonasi tashabbusi bilan ikki davlat o‘rtasida qator shartnoma va bitimlar imzolandi. Mamlakatning qayta tayinlangan elchisi Baxtiyor Saidov bilan Mo‘g‘uliston hukumati, yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv tashkil etilganda ushbu mamlakat ishbilarmonlari O‘zbekistonga taklif etilgandi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas Mo‘g‘ulistonning yirik “Nomin Xolding” kompaniyasi vakillari mamlakatimizga tashrif buyurdi, deb yozmoqda “Xalq so‘zi”.

Safar chog‘ida mehmonlar respublikaning turli hududlaridagi korxonalarda bo‘ldi. Xususan, “O‘zavtosanoat” kompaniyasi rahbari Umid Salimov bilan bo‘lgan uchrashuvda o‘zbek avtomobillarini Mo‘g‘ulistonga yetkazib berish shartlari ko‘rib chiqilib, bitim imzolandi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” vakili Dilshod Mullaboyev bilan muloqot davomida mehmonlarga diyorimizda yetishtirilgan tabiiy toza organik mahsulotlar namoyish etildi. Yakunda “O‘zagroeksport” va “Nomin xolding” kompaniyalari o‘rtasida O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga quruq mevalar, meva va sabzavotlar yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 10 million AQSh dollarilik shartnomaga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid