22:54 / 21.04.2018
4844

Ozarboyjon prezidenti yangi hukumatni shakllantirdi

Foto: kanal24.az

Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev shanba kuni mamlakat hukumatining yangi tarkibini shakllantirdi. Bu haqda tegishli farmoyish davlat rahbarining rasmiy saytida joylashtirilgan.

Asosiy vazirlar yangi hukumatda o‘z o‘rinlarini saqlab qolishgan. Xususan, ichki ishlar vaziri lavozimiga Ramil Idris o‘g‘li Yusufov, tashqi ishlar vaziri — Elmar Muharram o‘g‘li Mamedyorov, mudofaa vaziri — Zokir Asqar o‘g‘li Hasanov, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazir — Kamoliddin Fattoh o‘g‘li Haydarov, iqtisodiyot vaziri — Shahin Abdulla o‘g‘li Mustafoyev qayta tayinlangan.

Yangi hukumat tarkibida energetika vaziri Parviz O‘qtoy o‘g‘li Shohbozov, adliya vaziri — Fikrat Farrux o‘g‘li Mamedov, moliya vaziri — Samir Rauf o‘g‘li Sharifov, transport, aloqa va yuksak texnologiyalar vaziri — Ramin Namiq o‘g‘li Quluzoda, soliq vaziri — Mikoil Chingiz o‘g‘li Jabborov kabilar ham o‘z portfelini saqlab qolishgan.

Davlat rahbari mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligiga yangi rahbar tayinladi — Sohil Rafiq o‘g‘li Boboyevni. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi vaziri ham o‘zgardi — Inom Imdod o‘g‘li Karimov. Hozircha ta'lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va sport, shuningdek, madaniyat vaziri tayinlanmagan.

Farmoyishga ko‘ra, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari sifatida yana Yoqub Abdulla o‘g‘li Ayyubov, bosh vazir o‘rinbosarligiga Ali Javod o‘g‘li Ahmedov, Ali Shamil o‘g‘li Hasanov va Hajibala Ibrahim o‘g‘li Abutalibov tayinlangan. Davlat xavfsizlik xizmati rahbari yana Madat Hasanfar o‘g‘li Quliyev bo‘ldi, tashqi razvedka xizmatiga — O‘rxon Sadyor o‘g‘li Sultonov rahbarlik qiladi.

Ilgariroq, Ilhom Aliyev Navro‘z Mamedovni mamlakat bosh vaziri sifatida tayinlagan edi. U bu lavozimga qadar tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha prezident yordamchisi bo‘lib ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid
Top