Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berluskoniga o‘tmishdan zarba: Italiya sudi 90-yillarda davlat va mafiya o‘rtasida kelishuv bo‘lganini isbotladi
O‘tgan hafta oxirida Parlemo sudi tomonidan Italiya hukumati va mafiya o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha chiqarilgan hukm mamlakat hukumatini shakllantirishga doir muzokaralarga ta'sir qilishi mumkin. Qamoq jazosiga hukm qilinganlar orasida mafiya bilan aloqadorlikda ayblangan sobiq senator Marchelo Del Utri ham bor. U doim sobiq bosh vazir Silvio Berluskonining o‘ng qo‘li hisoblangan - ayni damda esa Berluskonining "Italiya, olg‘a" partiyasi yangidan shakllanayotgan koalitsiyada katta rolga da'vogarlik qilmoqda.
4 mart kuni Italiyada saylovlar bo‘lib o‘tdi, biroq hukumat hanuz shakllanganicha yo‘q. Ikki raund maslahatlashuvlar aniq natijalarga olib kelmadi. O‘tgan hafta Italiya prezidenti Serjo Mattarella Senat raisi Mariya Elizabet Alberti Kazelattiga kolitsiyani shakllantirish va unga "5 yulduz" harakati", Matteo Salvinining "Liga", Silvio Berluskonining "Italiya, olg‘a" va Jorji Melonining "Italiya birodarlari" partiyalarini kiritish vazifasini topshirdi.
Senat raisi to‘rt marotaba (1994-1995, 2001-2005, 2005-2006, 2008-2011 yillarda) Italiya bosh vaziri lavozimini egallagan Silvio Berluskoni partiyasiga kiradi. Ta'kidlash joizki, Berluskonining o‘zi sudlanganligi munosabati bilan bosh vazir lavozimini egallay olmaydi. Biroq uning koalitsiyadagi ishtirokining o‘ziyoq salohiyatli hamkorlar e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Palermo sudi qaroridan keyin vaziyat yanada murakkablashishi mumkin. Dushanba kuni paydo bo‘lgan Mariya Elizabetning sa'y-harakatlari tanazzulga uchraganiga doir xabar buning ilk tasdig‘i bo‘ldi. Natijada kechqurun prezident Mattarella hukumatni shakllantirishga doir muzokaralar olib borish vazifasini parlament quyi palatasining raisi, "5 yulduz" harakati" vakili Roberto Fikoga topshirdi.
O‘tgan juma kuni hukm o‘qildi: o‘tgan asrning 90-yillarida mafiya bilan davlat o‘rtasida kelishuv bo‘lgan. Shu munosabat bilan sud mafiya rahbarlari bilan birga o‘sha yillarda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi maxsus bo‘limlarni boshqargan sobiq generallarni - sobiq janubiy hududlardagi favqulodda vaziyatlar vaziri Kalojyero Mannino, shuningdek janob Berluskonining yaqin hamkori - sobiq senator Marchello Del Utrini ham uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qildi.
2013 yilda boshlangan sud jarayoni ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Sudlanuvchilar qatorida mafiya bosslari bilan bir qatorda ko‘zga ko‘ringan siyosatchi va amaldorlar ham paydo bo‘lishdi. Natijada o‘tgan vaqt davomida 220 eshituv ishi o‘tkazilib, 200 nafar guvoh so‘roq qilindi. O‘sha paytlar Italiya prezidenti lavozimini egallagan Jorjo Napolitano ham ko‘rsatma berishdan bosh tortmadi. U 1992-1993 yillarda mafiya tomonidan uyushtirilgan portlashlar hukumat tomonidan "shantaj yoki ko‘proq davlat tizimini beqarorlashtirish maqsadida bosim o‘tkazish" deya baholanganini tan oldi.
Jarayon og‘ir kechdi. Besh yil ichida bir necha davlat ayblovchilari almashdi.
Va nihoyat, o‘tgan juma kuni sudya Alfredo Montalto Koza-nostra va "davlat tizimining bir qismi" o‘rtasida kelishuv bo‘lganiga doir hukmni o‘qib eshittirdi.
Jinoyatchilar va davlat o‘rtasidagi kelishuvlardagi ishtiroki uchun generallar Antonio Subranni va Mario Mori - 12 yilga, general Juzeppe De Donno 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Mafiya bilan aloqadorlik uchun qamoq jazosini o‘tayotgan sobiq senator, "Italiya, olg‘a" partiyasi asoschilaridan biri, Silvio Berluskonining yaqin hamkori Marchello Del Utri yana 12 yil oldi. Sud jarayoni davomida Koza-nostraning "otasi" Toto Riina hayotdan ko‘z yumdi. Uning umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan sherigi Leoluke Bagarellega esa yana 28 yil qo‘shib berildi.
Prokuror Antonio Di Matteo sud xulosasini tarixiy deb atadi.
Mavzuga oid
09:08
Italiya va AQSh o‘rtasida yangi diplomatik mojaro yuzaga keldi
20:51 / 19.06.2026
«Italiya va men hech qachon yolvormaymiz» - Meloni Trampga keskin e’tiroz bildirdi
10:10 / 18.06.2026
O‘zbekistonlik shifokorlar Italiyada 5 ming yevrogacha maosh olishi mumkin
09:00 / 16.06.2026