Jahon | 20:17 / 26.04.2018
5997
2 daqiqa o‘qiladi

Bosch dizel mashinalaridan yana ko‘p yillar foydalanishga imkon beruvchi texnologiya yaratdi

Avtomobillar butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi Bosch kompaniyasi dizel yoqilg‘isida ishlovchi mashinalar atrof-muhitga azot oksidlarini (NOx) ancha kamroq  chiqaradigan yangi texnologiyani taqdim qildi. Ushbu yechim nafaqat qat'iy qonun me'yorlariga to‘g‘ri kelish, balki dizel dvigatellarni eng ekologik toza dvigatellarga aylantirishda yordam beradi. 

Faol termoregulyatsiya deb nomlanuvchi texnologiyadan asosiy maqsad chiqindi gazlari resirkulyatsiya tizimi (EGR)da optimal haroratni ushlab turishdir. U Tselsiy bo‘yicha 200 darajada eng samarali ishlaydi, bunga esa past oborotlarda, misol uchun shaharda, harakatlanishda kamdan-kam erishiladi.

Bosch taklif qilayotgan g‘oya harorat yo‘qotishlarini minimallashtirish uchun EGR’ni iloji boricha dvigatelga yaqinroq ko‘chirish va chiqindi gazlari harakati yo‘nalishini sozlashdan iborat. Bu azot oksidlari miqdorini bir kilometrga 13 milligrammgacha kamaytirishga imkon beradi. Amaldagi cheklov 168 milligrammni tashkil qiladi.

Foto: motor.ru

2020 yildan chiqindilar miqdorini bir kilometrga 120 milligramm qilib belgilovchi yangi talablar kuchga kiradi. Biroq Bosch hozirdayoq 40 milligramm ko‘rsatkichga erisha oldi: bunday natijani VW Golf TDI negizidagi sinov prototipi shahar siklida va gaz tepkisiga keskin bosishlarda ko‘rsatdi.

Avvalroq yirik avtomobilsozlik kompaniyalari dizel mashinalarni ishlab chiqarishni va ba'zi bozorlarda sotishni to‘xtatishini ma'lum qilgandi. Ular orasida  Fiat Chrysler Automobiles, Toyota va Volvo kabi yirik kompaniyalar bor.

 

Mavzuga oid