​Ketgisi kelayotgan insonni kuch bilan ushlab turishdan foyda yo‘q. O‘zini bir yerda noqulay his qilayotgan, o‘sha yerdan ketgisi kelayotgan odamning to‘rt tomoni qibla — xohlagan joyiga ketaversin. Uni tushunish kerak — u Prezident portaliga yozib, «uy berdingiz, rahmat, endi mashina ham bering!» deb talab qo‘yayotgan tekinxo‘r emas, «Archa-ko‘chadagi moykani menga olib bersangiz, men ham bir boyisam», deb alahsirayotgani ham yo‘q. U bor-yo‘g‘i nimadandir norozi, o‘zini nimadir sabablarga ko‘ra bu yerda noqulay his qilyapti, shuning uchun ketgisi kelyapti. Uni noshukrlikda ayblash, unga zo‘r berib vatan tuyg‘usidan dars o‘tish ham o‘rinsiz. Bu qanchadan-qancha kuch, mablag‘ning behuda havoga sovurilishi, xolos. Boz ustiga, hech obro‘ keltirmaydi: Soljyenitsinni qiynab-qiynab, mamlakat ichida uyoqdan buyoqqa surgun qilaverib, oxiri baribir ketishiga ruxsat bergan SSSR, birinchidan, hozir yo‘q, ikkinchidan, aynan shu kabi faktlar ham uning «qo‘rquv saltanati», «zulm saltanati», «qon saltanati» nomini olishiga xizmat qilgan, uchinchidan, o‘sha tarixiy mamlakatdagi bunday g‘ayriinsoniy voqealarni faqat stalinparastlar iliq xotirlaydi, stalinparast bo‘lish esa — sharaf emas; meni nazarimda, hatto uyatli.

Ketgisi kelayotgan odamning ovozini o‘chirishga urinish ham uni kuch bilan ushlab turish kabi besamar, vaqt, kuch va boshqa resurslarning behuda sarflanishi. Ayniqsa, hozirgidek internet zamonida. Buning uchun yo Shimoliy Koreya, yo Xitoy bo‘lish kerak. Vaholanki, o‘sha Xitoyda ham uncha-muncha narsani ochiq gapirish mumkin. Norozi odamning ovozini o‘chirish — uning noroziligiga sabab bo‘lgan muammoni go‘yoki hal qilish, yechishning eng oson yo‘li. «Gapirilmasa, muammo ham yo‘q» degan xato tasavvurning hosilasi. Menimcha, to‘g‘ri bo‘lish kerak, halol bo‘lish kerak. To‘g‘rilik, halollik har muammoning yechimi, menimcha. Mabodo biror yoqimsiz gap aytilsa ham, (o‘yinchoq emas, haqiqiy) raddiya berish yo izohlash orqali o‘sha gaplarga munosabat bildirish mumkin. O‘zi uchun yoqimsiz, o‘ziga obro‘ keltirmaydigan holatlarga munosabat bildirish, og‘ziga talqon solgandek gum bo‘lib o‘tirmaslik ortidan AQSh — bugungi AQShga, Yaponiya — bugungi Yaponiyaga, Janubiy Koreya — bugungi Janubiy Koreyaga aylangan. Imkoni bo‘lishi bilan tanqidchilari Germaniyani Ikkinchi jahon urushida millionlab odamlarning yostig‘ini quritganlikda ayblaydi — Germaniya esa hech buni inkor etmaydi, tarixda shunday kechirib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yganini tan oladi. Shuning uchun ham u bugungi Germaniyaga aylangan.

Bir kishi, deylik, xorijga chiqib, butun bir mamlakat ustiga mag‘zava ag‘darishidan, mamlakatni obro‘sizlantirishidan xavotirlanish va, katta ehtimol, shu vaj bilan uni balki qonuniy, balki noqonuniy, biroq aslida mantiqsiz vositalar, choralar yordamida ushlab turishdan, eng yomoni, unga ruhiy, ma'naviy bosim o‘tkazishdan ma'no yo‘q. Boz ustiga, bunday holatlar kelajagi buyuk, da'vosi katta mamlakatlarga yarashmaydi ham. Agar rostdan aybi bo‘lsa, ana, Ma'muriy javobgarlik va Jinoyat kodekslari bor — tegishli modda bo‘yicha javobgarlikka tortilsin, biroq bundan ortig‘i — insoniylikka ham, qonuniylikka ham to‘g‘ri kelmasa kerak. Bir narsani ham to‘g‘ri tushunish kerak — mamlakatning chorak asrda shakllangan salbiy imidjini bir yo ikki yilda o‘zgartirib bo‘lmaydi, bunga chorak asr bo‘lmasa ham, harqalay, bir dekada kerak bo‘lar. Eng yomoni, shu 10 yil ichida ham salbiy imidjli mamlakatning qoqilishi kutiladi, har qoqilishida uning avvalgi 25 yillik tarixi eslatilaveriladi. Bu xuddi men kabi darslarga har doim kech qolgan o‘quvchining uch oy biror marta kech qolmay, to‘rtinchi oyning birinchi kunida yana darsga kech qolganim kabi — uch oylik namunali xulqim uchun birovdan biror iliq so‘z eshitmayman, aslida darsga kech qolmaslik — o‘quvchi sifatida majburiyatim, biroq kech qolgan kunim hamma gapiradi: «Ha, bu o‘zi shunaqa-ku, har doim kech qolib yuradi».