O‘zbekiston | 21:02 / 02.05.2018
9058
2 daqiqa o‘qiladi

“Yashil” yo‘lak orqali 85 million so‘mlik dori vositalarini noqonuniy olib kirishga uringan shaxslar fosh etildi

Toshkent xalqaro aeroporti bojxonachilari ko‘p miqdordagi dori vositalari va tibbiy buyumlarining mamlakatimizga noqonuniy olib kirilishining oldini olishdi. Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati KUN.UZ'ga shu haqida xabar berdi.

“Moskva-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro Z.B. bojxona chegarasidan “yashil” yo‘lak orqali o‘tayotib, yonida taqiqlangan yoki ortiqcha yuklari yo‘qligini ma'lum qiladi. Biroq bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgani sababli uning yuklari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi va  uning qilmishlari fosh bo‘ldi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati 

Ma'lum bo‘lishicha, Z.B. yuklar orasida bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida aytilmagan, umumiy narxi dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra 60 million so‘mlik 14 turdagi 409 dona stomatologik tibbiy buyumni olib kirishga uringan ekan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati 

Xuddi shu reys bilan uchib kelgan yana bir yo‘lovchi fuqaro A.J.ga ham bojxona chegarasidan “yashil” yo‘lak orqali 29 turdagi 113 dona dori vositalari va tibbiyot buyumlarini olib o‘tish “nasib” qilmadi. Ushbu shaxs qiymati 25 million so‘mlik ushbu tovarlar haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham ma'lum qilmay turib, olib kirmoqchi bo‘lgan paytda to‘xtatib qolindi.
Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid