Sport | 19:39 / 02.05.2018
10311
3 daqiqa o‘qiladi

"Birga yutib, birga yutqazamiz". "Bavariya" futbolchilari Ulrayxni qo‘llab-quvvatlashdi

“Bavariya” posboni kechagi o‘yinda qilgan qo‘pol xatosi uchun ijtimoiy tarmoqlarda jamoadoshlari va muxlislardan uzr so‘radi. Aynan shu post tagida fikr qoldirgan “Bavariya” futbolchilari esa, darvozabonni qo‘llab quvvatlagani tahsinga loyiq. 

“Musobaqadan chiqib ketganimizdan qanchalik xafa ekanimni so‘z bilan ifoda etib bera olmayman.  Biz finalga chiqishni juda istagandik va buning uchun qo‘ldan kelganini qilishga urindik.

Keyin esa, mudhish xato ro‘y berdi. Men buni tushuntirib bera olmayman. Kechiringlar...

Jamoa va muxlislardan uzr so‘rayman” – deb yozdi Sven Ulrayx instagramdagi sahifasida. 

Keyin esa, jamoa a'zolari darvozabonni yupatishga harakat qilishdi:

“Boshingni egma, biz bir jamoamiz” – deb yozdi Xames Rodriges. 

“Boshingni ko‘tar, biz birga yutamiz va birga yutqazamiz” – dedi Jyerom Boateng.

“Ule, sen ko‘p bor bizni qutqarib qolgansan” – dedi Xavi Martines.

Eslatib o‘tamiz, kecha Madridda o‘tgan “Real” va “Bavariya” o‘rtasidagi yarim final javob o‘yinining 2-taym boshlarida, hisob 1:1 bo‘lib turgan paytda, “Bavariya” futbolchilari himoyada qattiq pressingga duch kelishdi. Yarim himoyachi Tolisso to‘pni yerlatib darvozabonga uzatib berdi. To‘pni tepib yuborish va ushlab olish orasida ikkilangan Ulrayx hushyorlikni yo‘qotib, to‘pni o‘tkazib yubordi va raqib hujumchisi Karim Benzema mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Keyinchalik, Xames hisobni tenglashtirgan bo‘lsa-da, bu umumiy g‘alabaga yetmadi. 

“Bavariya” futbolchilari bir qator qulay vaziyatlardan foydalana olmaganliklari, shuningdek, uchrashuv hakamning mezbonlar foydasiga adashishi qaysidir ma'noda darvozabonning xatosini unuttira oldi. Zero bir qator sobiq futbolchilar, jumladan, “Bavariya”ning afsonaviy darvozaboni Oliver Kan, jamoa murabbiyi Yupp Xaynkesslar ham bu vaziyat uchun darvozabonni qo‘llab quvvatlab, chiqishlar qilishdi. 

Shunday bo‘lsa-da, Sven Ulrayxning kechagi natija uchun o‘zini ayblashi va xatoning mas'uliyatini to‘liq his qilishi tahsinga loyiqdir.

Mavzuga oid