Sport | 12:16 / 03.05.2018
4042
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning ikki vakilasi shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun kurashadilar

Tszyuy Ventszyun va Tan Chjun'i/Foto: ChessBase

Shanxayda 3 may kuni ayollar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni, xitoylik Tan Chjun'i va uning hamyurti Tszyuy Ventszyun o‘rtasida jahon chempioni toji uchun uchrashuv boshlanadi. Xitoyning eng yirik shahrida uchrashuvning 5 ta ilk partiyasi, qolgan 5 partiyasi esa Chuntsinda bo‘lib o‘tadi.

Tan Chjun'i 2017 yilda Tehronda nokaut-tizim bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgandi. Tszyuy Ventszyun Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDe) Gran-Prisida g‘olib bo‘lib, 2016 yil oktabridayoq shaxmat toji uchun kurashga da'vogarga aylangandi.

25 yoshli Tan Chjun'i FIDe reytingida 9-o‘rinni, uning tengdoshi Tszyuy Ventszyun esa 2-o‘rinni egallamoqda. 

Qur'a tashlashga ko‘ra, Tszyuy Ventszyun uchrashuvni oq donalar bilan boshlaydi. 4 ta partiyadan keyin raqiblar donalar bilan almashishadi. Shanxaydagi partiyalar 3-4, 6-7 va 9 may kunlari, Chuntsindagisi esa 12-13, 15-16 va 18 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Zarurat bo‘lsa, 19 mayda tay-breyk o‘tkaziladi. 

Uchrashuvning mukofot jamg‘armasi 200 ming yevroni tashkil qiladi va ishtirokchilar o‘rtasida 10 ta partiya natijasiga ko‘ra 60 foizga 40 foiz nisbatda taqsimlanadi. Bunda  g‘olib ko‘proq mukofot oladi. Biroq agar uchrashuv g‘olibasi tay-breyk orqali aniqlanadigan bo‘lsa, unda mukofot puli 55 foizga 45 foiz nisbatda taqsimlanadi.

Ayollar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha ilk jahon chempioni Vera Menchik hisoblanadi. U bu unvonga 1927 yilda erishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid