16:00 / 04.05.2018
30555

«Shifokorga ishing tushmasin»

Filolog Shahnoza To‘raxo‘jayeva feysbukdagi sahifasida O‘zbekistonda ayrim shifokorlar dorixonachilar bilan kelishgan holda «yeng ichida» ish qilib, mijozlarga qimmatbaho dorilarni sotishi muammosi kuzatilishi haqidagi fikrlarini bayon etdi.

Xalqni shifokorlarga qarshi qayramoqchi emasman-u, ammo tibbiyotdagi muammolarni gapirmasang ham bo‘lmayapti. Shifokorlar va xususiy firmalar o‘rtasidagi noqonuniy hamkorlikka chek qo‘yish vaqti allaqachon yetgan. Ha, bu mexanizm boshdan oyoq qonunga zid, iste'molchini aldash asosiga qurilgan va sohani korrupsiya botqog‘iga tobora chuqurroq botiryapti. 

Xususiy klinikadagi shifokor ko‘rigiga avvaldan yozilib, aytilgan vaqtda borsam-da, navbat kutishga to‘g‘ri keldi. Ichkarida odam bor, mendan oldin ham bittasi navbatda turibdi. Ichkaridagi chiqquncha navbatdagi ikki ayol odatdagidek til topishib qoldik. Gap oyliklar masalasiga borib taqaldi: farmatsevt ekan, xususiy firmada ishlarkan, oyligi 4 mln so‘mmish. Qoyil, oliy ma'lumotli mutaxassislar yaxshi haq ola boshlabdi-da dedim. Ma'lum bo‘lishicha, bu ayol xususiy va davlat shifoxonalarida shifokorlar bilan kelishuvlar qilib, ularga o‘z firmasi mahsulotlarini o‘tkazar ekan, aniqrog‘i, ular orqali bemorlarga (shifokor o‘zi qabul qilmaydi-ku u dorilarni). Xullas, bu ayol va uning ortida turgan firmasi ham oddiy o‘rtakash, bozor tilida aytganda «saygach» ekan, faqat madaniylashgan ko‘rinishi. 

Suhbatimiz qiziq joyida ichkaridagi «bemor» ham chiqdi: taqib olgan ko‘krak nishoni va qo‘lidagi bukletu flayerlaridan bildimki, bu ham firma vakili. Ana xolos, bular shifokor qabuliga navbatda bemorlardan ham ko‘proq bo‘lib ketishibdi-ku. Shifokor qabuliga firma vakillaridan keyin bir bemor kirsa, shunday xulosaga kelasan-da. 

Keyin savollar quyilib kela boshladi:

Nega vrachlar arzon varianti turganda qimmat dorini yozishadi: masalan, davlat korxonasi «O‘zkimyofarm» chiqargan Yodit o‘rniga Yodomarin yoki xorijning Yodbalans kabi dorilarini tavsiya qilishadi (dorilar nomida adashgan bo‘lishim mumkin, ammo mohiyatga bu ta'sir qilmaydi)? Tarkibi bir, narxi esa yer bilan osmon.

Shifokorlar firma logosi tushirilgan xalatlar, ruchkalar va hokazolarni qayerdan olishadi? Bu atributlar bilan ular o‘sha firmani bemorlariga noqonuniy reklama qilayotganlarini bilishadimi? Agar sohada moddiy sharoit og‘ir bo‘lsa, shifokorlarga tekin xalatu ruchkalar zarur bo‘lsa, bunga vazirlik va boshqa vakolatli organlar nega e'tibor qaratishmaydi? Retsept tizimi bizda to‘liq ishlamasligini bilamiz, ammo ayrim shifokorlar albatta shu retsept bilan boring deb bemor qo‘liga qog‘oz tutqizishadi. Nega o‘sha retseptlarni dorixonalar olib qoladi? Nima uchun o‘sha dorilar boshqa turdoshlaridan doim qimmat bo‘ladi? Tasodifmi bu? Nega diagnostika markazlariga borsangiz, «napravleniye bilan keldingizmi?» deb so‘raydi-da, ha desangiz qimmatroq, yo‘q desangiz arzonroq narx aytadi? Bu yerda qancha pul aylanmoqda? Xo‘sh, shu aylanmalardan kimdir hisobot topshiradimi, soliq to‘laydimi?

To‘g‘ri, shifokor bo‘lish oson emas, ularning oyligi kam, ishi og‘ir. Global darajada mulohaza qilsangiz, shifokorlarning shunday ishlarni qilayotgani (balki, shunga majbur bo‘layotgani) ham asli jamiyatimizning, iqtisodiyotimizning katta muammolaridan biri. Lekin katta ildiz otgan bu muammolarning yuki nega yana oddiy xalq zimmasiga tushyapti? Nega yana xalq yuk ko‘tarishi kerak?

Top