Sport | 10:03 / 06.05.2018
9603
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik bokschi Devid Xey Toni Belyuga qarshi revansh jangda ham yutqazdi

Foto: AP Photo/Frank Augstein

Boks bo‘yicha ikkita vazn toifasida sobiq jahon chempioni, britaniyalik Devid Xey 90,71 kggacha vazn toifasida hamyurti, sobiq WBC chempioni Toni Belyuga qarshi revansh jangda yutqazdi. Londonda o‘tgan 12-raundlik reyting jangida Belyu 5-raundda texnik nokaut bilan g‘alaba qozondi.

Bokschilar ilk janglarini 2017 yil 4 martida o‘tkazishgandi: Belyu 12 raundlik reyting jangida ham Xeyni 11-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub etgandi. O‘sha jangda Xey 6-raundda oyog‘idan jarohat olib, ikki marta nokdaun holatiga tushgach, uning sekundantlari 11-raundda ringga oq sochiqni tashlab, jangni davom ettirishdan voz kechishgandi. Jangdan keyin Xey oyog‘idagi jarohati sababli operatsiya qilingan, Belyu esa qo‘lini sindirib olgan. Ikkala jangchi ham shundan keyin ringga ko‘tarilmagan edilar.

2012 yilda faoliyatini yakunlagan Xey 4 yil o‘tib yana ringga qaytgan. 37 yoshli bokschining hisobida 28 ta g‘alaba va 4 ta mag‘lubiyat bor.

Belyu esa 2016 yil mayida 90,71 kggacha vazn toifasida WBC chempioni kamarini qo‘lga kiritgan va oktabrda uni himoya qilgan. 35 yoshli bokschi faoliyatida 30 ta g‘alaba, 2 ta mag‘lubiyat va bitta durang natija qayd qilgan.