Jahon | 22:16 / 08.05.2018
61637
5 daqiqa o‘qiladi

2018 yilgi Ramazon oyi qachon boshlanadi?

Islom olamining muqaddas oyi hisoblangan Ramazon oy kuzatuvlariga qarab, yo 15 may, yoki 16 may kuni boshlanadi. "Al-Jazira" shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Foto: roundup.co

Ramazon oyining birinchi kuni yangi oy chiqishiga qarab belgilanadi.

AQSh va Yevropada musulmonlar hamjamiyati bu masalada astronomik hisob-kitoblarga tayanadi va shu tariqa ular Ramazonni 15 mayda kutib olishadi, ro‘zaning birinchi kuni esa 16 mayga to‘g‘ri keladi.

Saudiya Arabistoni va arab mamlakatlarining aksariyatida yangi oy 15 mayda chiqishi kutilayotgan bo‘lsa-da, Marokash, Eron va Pokiston bu hodisaga ertasi kuni guvoh bo‘ladi.

Foto: astro.ukho.gov.uk

O‘zbekistonda Ramazon oyi boshlanishi va hayit kunini aniqlashda, O‘zbekiston ulamolari islom dini ko‘rsatmalari va Astranomiya instituti ma'lumotlariga tayaniladi. Shundan kelib chiqib O‘zbekiston prezidentining «Muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilinadi. O‘tgan yili O‘zbekistonda muborak Ramazon oyining boshlanishi 27 may kuniga to‘g‘ri kelgan.

Ilmiy taxminlar

Astronomlar hisob-kitobiga ko‘ra, yangi Ramazon oyi Grinvich bo‘yicha 15 mayda soat 11:47 da tug‘iladi, biroq birinchi tunda uni faqat maxsus uskuna orqaligina ko‘rish mumkin.

2017 yildan Saudiya Arabistoni va boshqa arab mamlakatlari yangi oyni suratga olishga qodir maxsus infraqizil raqamli kameralardan foydalanadi, an'anaviy teleskoplarda esa optik diapazonning cheklanganligi sabab yangi oy aniq ko‘rinmasligi mumkin.

Agar bu yil ham shunday kuzatuv uskunasi qo‘llansa, Saudiya Arabistoni Ramazon oyining birinchi kunini 16 mayda qarshi olish ehtimoli yuqori.

Biroq 16 may arafasida yangi oy butun dunyoga qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rinishi kerak, bu Pokiston va boshqa mamlakatlarning Ramazonni 17 mayda kutib olishiga ishora qiladi.

Yangi oyning ko‘rinishi atmosfera sharoitlari, bulutlar va quyosh hamda oy o‘rtasidagi masofa kabi omillarga bog‘liq.

Foto: astro.ukho.gov.uk

Oy taqvimi

Musulmonlarning oy taqvimlari yangi oy chiqishiga qarab 29 va 30 kun davom etadi. Agar 29 kunda yangi oy ko‘rinmasa, oy 30 kun davom etadi.

Ramazonning boshlanishi haqida e'lon qilishda Saudiya Arabistoni va aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan boshqa mamlakatlar mahalliy oy kuzatuvchilari ma'lumotlariga asoslanishadi. So‘ngra Oliy sud Ramazon qachon boshlanishiga doir qaror chiqaradi.

Saudiyadagi Umm-Al-Qura rasmiy taqvimiga ko‘ra, 2018 yilda Ramazonning birinchi kuni 16 mayga to‘g‘ri kelmoqda.

Grigoryan quyosh taqvimiga ko‘ra esa, Ramazon har yili 10-12 kunga ilgarilaydi. O‘tgan yili Ramazonning birinchi kuni 27 mayga to‘g‘ri kelgan edi.

Muqaddas oy

Musulmonlar uchun Ramazon - Islom dinining muqaddas kitobi hisoblangan Qur'oni Karimning ilk oyatlari (1400 yildan ziyod ilgari) payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga nozil bo‘lgan oy.

Ramazon vaqtida musulmonlar quyosh chiqishidan to botishiga qadar taomdan, ichimliklardan, chekishdan va jinsiy aloqadan tiyilishadi. Bu oy musulmonlarni Allohga yaqinlashtirishga hamda hayotda ulardan-da ko‘proq aziyat chekuvchi kishilar borligi haqida yodga solishga yo‘naltirilgan.

Ramazon oyida ro‘za tutish islomning besh arkonidan biri hisoblanadi.

Musulmonlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi mamlakatlarda qonun bo‘yicha ish kunlari qisqartiriladi, kunduz kunlari ko‘plab restoranlar ishlamaydi.

Bu oyda odamlar bir-birlarini "Ramazon muborak" va "Ramazon Karim" deb qutlashadi.

Ramazon oyi oxirida musulmonlar Iyd-Al-Fitr (Ramazon hayiti) bayramini nishonlashadi.

Yangi oy kuzatuvlari va astronomik hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil Iyd Al-Fitr 14-16 iyun oralig‘iga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Mavzuga oid