O‘zbekiston | 19:40 / 13.05.2018
9928
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchisi: “Turizmni rivojlantirish uchun yo‘llar va mehmonxona xizmatiga e'tibor zarur”

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 26 yil to‘ldi. O‘tgan chorak asrdan ko‘proq muddat ichida har ikkala davlat ham turli o‘zgarishlarni boshdan kechirdi. Tabiiyki, bu davlatlararo munosabatlarda ham o‘z aksini topdi. Biroq, bir davrning o‘zida, AQShda ham, O‘zbekistonda ham yangi davlat rahbarlari saylandi. Shunday qilib, munosabatlarning yangi bosqichi yo‘lga qo‘yildi.

Ikki mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikda qanday loyihalar amalga oshiriladi? Amerika ishbilarmonlarining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi qanday? Shu va boshqa masalalar yuzasidan AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen xonim “O’zbekiston 24” telekanaliga intervyu berdi.

“Shavkat Mirziyoyev qisqa davr ichida mamlakatda katta o‘zgarishlarni amalga oshira boshladi. Bu, albatta, quvonarli hol. Kutilayotgan tashrif davomida davlatlar o‘rtasidagi turli darajadagi hamkorlik masalalari muhokama etiladi. Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonga GM, Coca-cola brendi bilan kirib kelgan Amerikaning yirik kompaniyalari ish olib bormoqda. Shu bilan birga, boshqa gigantlar ham bu o‘lkaga qiziqish bildirishmoqda.

Bu yerda turizmni rivojlantirish uchun bir narsani ta'kidlash lozim: sayyoh uchun mamlakatning o‘zi qiziqarli bo‘lishi kerak. O‘zbekiston ana shunday qiziqarli davlatlar sirasiga kiradi, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlar haqida ko‘pchilik tasavvurga ega. Qadimiy shaharlarda tashrif buyuruvchi sayyohlarga yaratilayotgan sharoitlar ham o‘sib bormoqda. Ammo, men ko‘proq, O‘zbekistonning chet elda mashhur bo‘lmagan shaharlari haqida gapirishni istardim. Masalan, Farg‘ona vodiysidagi Mingtepa manzilgohini yaqindan tomosha qildim. Shubhasiz, bu ham sayyohlarni qiziqtiradi. Kamchiliklar shundan iboratki, obidalar oldiga sayyohga tushunarli tilda yoxud ingliz tilida ma'lumotlar qo‘yilmagan. O‘lka tarixi va madaniyatini yaxshi biladigan, xorijiy tillarda bemalol so‘zlashadigan gid-tarjimonlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq. Ayni dam bu borada Namangan davlat universiteti bilan hamkorlik qilib kelyapmiz. Turizm rivojlangan sharoitda sayyohlar soni ham oshadi, bu esa mehmonxona va transport xizmatiga alohida urg‘u berish zarurligini keltirib chiqaradi. Chet eldan kelgan sayyoh ravon yo‘llarda yurishni, tezyurar poyezdda harakatlanishni istaydi.

Sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun nima zarur? Buning uchun O‘zbekistonni xorijda PR qilish lozim. Masalan, Amerikada O‘zbekiston nomi bilan bog‘liq ko‘rgazmalarni tez-tez uyushtirib turish, festival va madaniyat kunlarini ko‘proq tashkil etish kerak. OAVda ijobiy tusdagi reportaj, maqolalar berib borilishi ham sayyohlar e'tiborini tortadi”, deydi elchi xonim.

Ma'lumot uchun, Pamela Spratlen AQShning O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyatini 2014 yil boshlagan. Bundan avval, u AQShning Qirg‘izistondagi elchisi vazifasida ishlab kelgan. Shuningdek, u AQSh Qozog‘istondagi missiya boshlig‘ining o‘rinbosari sifatida ham faoliyat yuritgan. Pamela AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha direktor, shu masalalar bo‘yicha Davlat kotibining o‘rinbosari bo‘lib ham ishlagan. Elchi rus, fransuz, ispan tillarida ham so‘zlasha oladi.

 

Mavzuga oid