Mirziyoyevning Amerikaga safaridan nimalar kutilmoqda?
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 15 may kuni okeanortiga 3 kunlik rasmiy tashrifini boshlamoqda. Ayni vaqtda prezident AQShga yo‘l olgan va tez orada Vashingtondagi «Endryus» aeroportiga qo‘nadi.
O‘zbekiston rahbari 16 may kuni Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashadi. Bu prezidentlarning o‘zaro uchinchi uchrashuvi bo‘lishi kutilmoqda. Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp ilk bor 2017 yilning mayida, Ar-Riyodda AQSh va musulmon davlatlar sammiti doirasida uchrashgandi. Keyingi uchrashuv esa 2017 yilning sentabrida Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi vaqtida o‘tkazildi.
Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston – AQSh hamkorligining holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Vashingtonda Shavkat Mirziyoyev shuningdek, AQSh Kongressi, Mudofaa vazirligi va Davlat departamenti hamda Jahon bankida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Rasmiy tashrif yakuni bo‘yicha ikki mamlakat Prezidentlari «O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari: yangi strategik sheriklik davrining boshlanishi» deb nomlangan Qo‘shma bayonotni imzolashi, shuningdek, turli sohalardagi o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston AQShdan nima olishi mumkin?
Mirziyoyevning o‘tgan yil sentabrida Amerikaga tashrifi doirasida Amerika kompaniyalari vakillari va boshqa ishbilarmonlar bilan qator uchrashuvlar tashkillashtirilgan va neftegaz va neftkimyo sohasida, mashinasozlik va elektrotexnika sanoati, fuqarolik aviatsiyasi bo‘yicha jami 2,6 milliard dollarlik hujjatlar paketi imzolangandi.
Bu safargi tashrif arafasida Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga shu hafta amalga oshiradigan tashrifi davomida 4 milliard dollarlik qiymatga ega bitimlar imzolanishi kutilayotganini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatlar savdo, tijorat, invectitsion soha bo‘yicha imzolanadi.
Lemmning ta'kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlariga neft-gaz va rangli metallurgiya aylanishi mumkin. «Biz O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etish uchun ko‘plab tutash nuqtalarni ko‘rmoqdamiz», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi savdo palatasi raisi.
O‘z navbatida, prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov tashrif arafasida o‘tkazilgan brifing chog‘ida tashrif davomida 40dan ortiq hujjatlar qabul qilinishi, jumladan, umumiy qiymati 8,5 milliard dollarlik savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlar imzolanishi rejalashtirilganini ma'lum qildi.
16 may kuni kechqurun O‘zbekiston tomonidan rasmiy qabul marosimi o‘tkaziladi. Bu yerda AQSh ma'muriyati rahbariyati, vazirlik va idoralar, yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etadi.
Prezident 17 may kuni Pentagonga tashrif buyurib, AQSh Mudofaa vaziri bilan muzokara o‘tkazadi. Kapitoliyda kongressmenlar va senatorlar bilan uchrashib, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash masalalarini muhokama qiladi.
Shavkat Mirziyoyev Jahon banki prezidenti bilan ham uchrashib, mamlakat iqtisodiyotiga investitsiya jalb etish bo‘yicha muzokara olib boradi.
O‘zbekiston AQShga nimalar taklif qilishi mumkin?
Mirziyoyev o‘tgan yil kuzida Amerikaga tashrifi vaqtida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida chiqish qilar ekan, Trampning Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha strategiyasini qo‘llab-quvvatlagandi. Chunki Afg‘onistonda xavfsizlik va barqarorlikka erishilishi O‘zbekistonning eng qisqa yo‘llar bilan dengiz portlariga chiqishiga zamin yaratadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aprel oyi boshida O‘zbekistonning asosiy xorijiy hamkorlari bilan tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatga belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni tasdiqlagandi.
«O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan o‘zaro manfaatli va ko‘pqirrali hamkorlikni rivojlantirishdir… Harbiy-texnik hamkorlik, harbiy ta'lim sohasida va kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish rejalashtirilmoqda.
Respublika shuningdek YeIda hamkorlik va sheriklik bo‘yicha kengaytirilgan bitimni tuzish, xorijiy investitsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston-Yevropa kengashini tashkil qilish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan, Yevropaning old davlatlari bilan, xususan, Germaniya, Italiya, Fransiya va Buyuk Britaniya bilan, shuningdek Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishdan manfaatdor», — deyiladi hujjat matnida.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan haftaning shanba kunida AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Jozef Votelni qabul qildi. Uchrashuvda xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik sohalaridagi o‘zaro aloqalarga alohida e'tibor qaratildi.
«O‘zbekiston Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro koalitsiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, mamlakatingiz o‘z hududidan Shimoliy taqsimot tarmog‘i orqali Afg‘onistonga yuk tashishda yordam bermoqda. Bu AQShning Afg‘onistondagi ishlari muvaffaqiyatli kechishiga hissa qo‘shmoqda. Ushbu sohadagi aloqalar o‘zaro hamkorligimizning muhim yo‘nalishidir», degandi Votel O‘zA uchun bergan intervyusida.
Prezident tashrifi davomida harbiy hamkorlik sohasida ham jiddiy o‘zgarishlarni kutish mumkin.
Qayd etish kerakki, mintaqada yuzaga kelgan vaziyat O‘zbekiston tomoni yirik davlatlar bilan harbiy-texnik hamkorlikni o‘rnatishini talab qilmoqda. O‘z navbatida, Afg‘onistonda saqlanib qolinayotgan beqarorlik, shuningdek, AQSh va Eron munosabatlari taranglashishi ortidan Qo‘shma shtatlarda hududda yana bir harbiy baza zaruri paydo qiladi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston temir yo‘l orqali Eronning temir yo‘llariga ulanib, Fors ko‘rfaziga portlariga xavfsiz transport koridorlari orqali chiqishni istaydi. Trampning Eron yadroviy dasturidan chiqishga doir qarori O‘zbekiston uchun manfaatli emas. Tashrif doirasida bu masala ham muhokama etilishi tabiiy.
Ayrim ekspertlar bu voqealar fonida O‘zbekiston janubidagi Qashqadaryo viloyatidagi Xonobod bazasiga amerikalik harbiylar qaytishini ham taxmin qilishmoqda.
AQSh harbiylari 2001 yilning 11 sentabri voqealari ortidan Afg‘onistonga qo‘shin kiritgan, harbiy amaliyotlarda Xonobod aviabazasidan foydalanilgandi.
2005 yilning 13 mayidagi Andijon voqealaridan keyin esa O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgach, 2005 yilning noyabrida amerikalik harbiylar chiqarib yuborilgandi.
Ayni vaqtda AQSh O‘zbekistondagi temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari, shuningdek, Navoiydagi aeroport orqali Afg‘onistonga yuk tashish imkoniyatiga ega hisoblanadi.
Mavzuga oid
07:30 / 08.06.2024
Elektrdan noqonuniy foydalangan fuqaro davlatga 126 mln so‘m zarar yetkazdi
08:50 / 22.03.2024
Andijon - Xonobod - Andijon yo‘nalishida shaharlararo poyezd harakati yo‘lga qo‘yildi
06:15 / 20.08.2023
Shavkat Mirziyoyev Budapeshtda Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi
20:36 / 18.08.2023