Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda gaz aralashmalarini ishlab chiqarish korxonasi ochilishi kutilmoqda
Ayni kunlarda Qashqadaryo SSM DK va Honeywell kompaniyasi Rossiyadagi rasmiy distribyutorlari o‘rtasida Gazoanalizatorlarni qiyoslash uchun foydalaniladigan gaz aralashmalarini ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan qo‘shma korxona ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, deb xabar beradi “O‘zstandart” agentligi.
Ma'lum qilinishicha, 18 may kuni Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasida Honeywell kompaniyasining Rossiyadagi rasmiy distribyutorlari bilan birgalikda, Qashqadaryo hududida neft va gaz sohasida faoliyat yuritayotgan yirik korxonalar, jumladan Lukoil Uzbekistan Operating company MChJ, Enter Engineering Pte Ltd, Eriell kompaniyasi, Muborakneftgaz MChJ, Sho‘rtanneftgaz MChJ, Muborak GKIZ MChJ, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi MChJ, Gissarneftgaz QK MChJ vakillari hamda markaz rahbariyati ishtirokida Gazoanalizatorlarni qiyoslash uchun foydalaniladigan gaz aralashmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona ochish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
“Kun tartibidagi masala yuzasidan Honeywell kompaniyasining Rossiyadagi rasmiy distribyutorlari - “Tandes” kompaniyasi bosh direktori Koryavina Natalya Yuriyevna hamda gaz tahlili yo‘nalishi bo‘yicha boshqaruvchi Ritov Oleg Viktorovich o‘z ma'ruzalari bilan chiqish qilishdi. Yig‘ilishda markaz direktori U.Amirqulov, metrologiya bo‘limi boshlig‘i J.Tadjiyev va boshqalar mazkur masala yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bayon etishdi”, deyiladi agentlik xabarida.
Qo‘shma korxona tashkil etilsa bugungi kunda O‘zbekistonda neft va gaz sohasi bo‘yicha dolzarb bo‘lib turgan gazoanalizatorlarni qiyoslash uchun foydalaniladigan gaz aralashmalari chet davlatlardan olib kelinmasdan, mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.