Yo‘lovchinoma yoxud nega “Toshshahartransxizmat” AJ faoliyatidan norozi bo‘lishmoqda?
KUN.UZ tahririyatiga navbatdagi murojaat kelib tushdi. U Toshkent shahrida qatnovchi yo‘nalishli avtobuslar haqida bo‘lib, batafsil yozilgan. Murojaat egasi muammoni o‘rtaga tashlash bilan birga, unga yechim izlashga ham harakat qilgan, o‘z takliflarini o‘rtaga tashlagan.
“Assalomu alaykum hurmatli Kun.uz jamoasi!
Muammoni hal qilishi kerak bo‘lgan bevosita mutasaddilar pinagini buzmaganidan keyin, ko‘plab muammolarni hal qilishda yetakchi bo‘layotganingizni ko‘rib-bilib turib, Sizlarga murojaat qilishga qaror qildim (yo‘lovchilar nomidan).
So‘nggi yillarda Respublikamizda barcha sohalarda juda katta ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Buni transport xizmati sohasida ham amalga oshirilayotganligini ko‘rib turibmiz. Poytaxtimiz yo‘llarida zamonaviy va qulay transport vositalari harakatlanmoqda, yo‘lovchilar uchun shinam bekatlar qurildi, foydalanuvchilarning o‘zlariga kerakli avtobus yo‘nalishlari harakatini onlayn kuzatib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. Ular ham asta-sekin bartaraf etilishiga ishonamiz. Ammo "asta-sekin" bartaraf etmasdan ba'zi muammolarni hozirgi vaqtning o‘zida hal etish mumkin. Ushbu muammo har kuni ertalab ko‘pchilik yo‘lovchilar bilan yuz beradi.
Masalan, o‘zim bilan bog‘liq muammo:
Ertalab soat sakkizlarda ishga borish uchun Qo‘yliq-Chorsu yo‘nalishidagi 68-avtobusga chiqish maqsadida “Risoviy” bozor bekatida bo‘laman. Ammo oldiniga avtobusga 1 kun chiqsam 1 kun chiqolmasdim, hozirda esa 1 kun chiqsam, 3 kun chiqolmayman (birgina men emas). Sababi oyoq qo‘yishga joy yo‘q (oyoq qo‘ysangiz bas, eshikning o‘zi tanangizni ichkariga kiritib qo‘yadi). Keyin taksida ketishga majbur bo‘laman, chunki boshqa avtobuslar ham deyarli shunday, 190-yo‘nalishli marshrutkaga chiqib olishning mutlaqo iloji yo‘q, doim to‘lib keladi.
1-savol (xayolan): Nima uchun bunchalik tiqilinch?
Javob: Savolingizga javobni o‘zingiz berib turibsiz, ertalab soat sakkizlarda chiqaman deb, bilasiz ertalab hamma ishga, o‘qishga boradi.
2-savol: Unda nima uchun tezroq yurmaysizlar, har o‘n–o‘n besh daqiqada (hozirda ertalab 20-30 daqiqa)?
Javob: Bizlarda belgilangan grafik bor!
Shu bilan shofyor bilan savol-javob tugadi (Ichingizda savol-javob davom etadi, agar grafik bo‘lsa, 57 daqiqa deb belgilangan masofani nega 97 daqiqada bosib o‘tasizlar? Aytyapman-ku, odam tiqilinch, bekatlarda ko‘proq to‘xtashga majbur bo‘lyapmiz, svetoforlar bor, mashina ko‘p – yo‘llar tirband).
Shofyorlarda haqiqatan ayb kamroq, chunki grafik asosida yurish kerak (har 10-15 daqiqada yurishsa ham bo‘ladi, ammo shuncha tiqilinch, ko‘p odamga ichi achisa-da, bundan ularga ham naf bor, shekilli).
O‘sha avtobus bo‘ysunadigan avtokorxonaga murojaat qilinsa ham, yuqoridagi savol-javoblar deyarli qaytariladi.
Savol-javobni “Toshahartransxizmat” bilan davom ettirish maqsadga muvofiq, chunki bu muammoni bir zumda hal qila olishadi!
3-savol: Belgilangan grafik bor ekan, 68-avtobus oraliq vaqtini ertalabki tig‘iz vaqtda 10-12 daqiqa etib belgilashning iloji bormi!
Javob: Avtobuslarimiz ulgurishmayapti, yaqinda yangi avtobuslar keltirilyapti, bu muammolar tez kunlarda hal bo‘ladi.
4-savol: Avtobuslarimiz ulgurishmayapti? Axir, shu yo‘nalishdagi 7ta avtobusdan 4 tasi harakatlanyapti, qolgan 3ta avtobus manfaat ilinjida, kechirasiz grafik asosida Qo‘yliq bekatida turganini TushBus, MyBus dasturlari orqali ham ko‘rish mumkin-ku (hozirda TushBus, MyBus dasturlari ham tayinli ishlamayapti)! O‘sha qaqqayib turgan 3ta avtobusdan 2tasi ham harakatga tushsa bo‘ldi, olam guliston! 1ta avtobus umuman yurmay qo‘ya qolsin (dam olib tursin deylik). Chunki 6ta avtobus ham tiqilinchlarni yo‘q qila oladi.
Iye, uzr! 3-savolning javobini yozvoribman, axir sizlar bunday javob bermassizlar, 4-savolni berishga hojat yo‘qdir!
Yaqinda televideniye orqali mas'ullar ishtirokida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab masalalar ko‘tarildi, men bermoqchi bo‘layotgan savollarni boshqalar berishdi, barcha muammolar ijobiy hal etilishini bildirishdi. Ko‘ngillar tog‘dek ko‘tarildi! Ammo... ammo muammolar deyarli hal etilmadi yoki menga sezilmadi.
To‘g‘risini aytaman, “Toshshahartransxizmat”ning ushbu muammoni hal qilib berishiga umidim juda kam (sababi 1062 – ishonch telefoniga 2 marta qilgan murojaatim havoga uchib ketdi!).
Yuqoridagi hamma gaplarni bitta qilib aytsam ham bo‘lardi, lekin avtobusdagi haddan ortiq (o‘ta) tiqilinchda tana bilan birgalikda yurak ham siqilib, ichidan turli gaplar chiqib kelar ekan-da.
“Kun.uz” jamoasiga:
Iltimos, avtobuslar, jumladan, 68-avtobus oraliq vaqtini faqatgina ertalabki tig‘iz paytda Qo‘yliq avtobus bekatida kutib turadigan 3ta 68-yo‘nalishdagi avtobuslarni ham jalb etish hisobiga 10-12 daqiqadan qilib qaytadan belgilab berilishiga, shuningdek, harakat vaqtini hech bo‘lmaganda 21:30ga qadar (boshlang‘ich nuqtadan) uzaytirishga yordam bersangizlar!”.
Biz masalaga oydinlik kiritish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJ bilan bog‘landik. Savollarimizga jamiyatning tasarruf bo‘limi boshlig‘i Najmiddin Davlatov javob berdi.
- Haqiqatdan ham mazkur muammolar uchrab turibdi. Bunga sabab bugun poytaxtimizda olib borilayotgan keng bunyodkorlik ishlari. Shu sabab yo‘llar yopib qo‘yilgan vaqtda avtobuslar va yengil mashinalar boshqa aylanma yo‘llar orqali harakat qilishadi. Tirbandlik va belgilangan yo‘lning uzayib ketishi evaziga avtobuslar yo‘nalish vaqtiga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.
Ammo o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan, grafik asosida harakatlanmagan haydovchilar dispetcherlar tomonidan belgilab qo‘yiladi va ularga tegishli intizomiy jazolar qo‘llaniladi. Bundan tashqari, yaqinda avtokorxonalar tasarrufiga 80ta Isuzu avtobuslari olib kelib beriladi. Mana shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish va erkin harakatni ta'minlash maqsadida avtobuslar uchun poytaxtning barcha ichki yo‘llarida alohida yo‘laklar tashkil etish taklifi bilan chiqmoqchimiz.
To‘g‘ri, bugun Toshkent shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ammo bu bilan fuqaro manfaati cheklanmasligi kerak. Har bir shaxs doimgidek ishga, o‘qishga o‘z vaqtida borishi lozim. Chunki ular bunga mas'uldirlarki, mana shu tashvish ularni o‘ylantirmoqda. O‘ylaymizki, ushbu mas'uliyat yuki mutasaddi tashkilotlar ishida ham o‘z aksini ko‘rsatsa.
Mavzuga oid
10:03 / 02.09.2024
“Xalq nazorati” portali orqali qilingan murojaatlar soni 45 mingdan oshdi
17:55 / 28.08.2024
Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi
23:59 / 16.08.2024
Toshkentda avtobuslar tezligi 50 km/soatgacha cheklanadi
07:56 / 19.07.2024