23:40 / 24.05.2018
26458

“Taslim bo‘lma” aksiyasi hisoboti: navbatdagi bosqichda 76 mln so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Siz ham faol bo‘ling! 

Xabaringiz bor, KUN.UZ tahririyati leykoz bilan kasallangan bemor bolalar va yurtdoshlarimizga xayriya aksiyasi e'lon qilgan. Ushbu aksiyadan tushgan mablag‘ evaziga sotib olingan dori-darmonlar o‘ziga xos fayz, samimiyat bilan tarqatilmoqda. Kuni-kecha, muborak Ramazon oyi avvalida xalqimiz yana bir bor g‘ayrat qildi. Ayniqsa, Janubiy Koreyadagi yurtdoshlarimiz yuborgan xayriyotlar aksar bemorlarimiz dardiga shifo bo‘ldi. 

Natijada jami 76 million so‘m pul yig‘ildi. Shundan 67 millionga dori-darmon olindi, yana 9 millionga yaqin pul ba'zi bemorlarning dorixonalarda yig‘ilib qolgan qarzlarini to‘lashga sarflandi. Kam ta'minlangan bemorlar ro‘yxati shakllantirildi va ularga xayriya aksiyasidan tushgan dori-darmonlar taqdim etildi. Dorilarni tarqatar ekanmiz, bemorlardan orzulari haqida so‘raymiz. Bemor bolalar savollarimizga javob berishsa-da, ammo ko‘zlaridagi mung ketmaydi. Ularning orzulari olam-olam, niyatlari bisyor-bisyor. Ota-onam salomat bo‘lsalar bo‘ldi, deya o‘z tilagini bildirayotgan bolajonlarni ko‘rib, Yaratgandan ularga shifo so‘raysan. Ota-onalarning qalb qo‘ridan kelayotgan yig‘ini arang bosgancha qilayotgan duolari ijobat, inshaolloh. 

Xayriya aksiyasidan tushgan dori-darmonlar quyidagi bemorlarga taqdim etildi:

1-bolalar bo‘limidan: Abdullayeva Anora, Z. Sobitjonova, Sh. Rahmonov, U. Abbosova, S. Abdunosirova, Rahimova, Rahimov, A. Roziqjonova, Z. Nosirov, Z. Eminjonova, D. Abdumo‘minova, M. Qayumova, U. Valiyev, J. Valijonov.

2-bolalar bo‘limi: Faride Musayeva va Nilufar Erkinova.
1-gematologiya bo‘limi (kattalar):  Z. Rustamova, R. Yusupova, N. Ismailova, F. Yusupova,  D. Matjonov, Sh. Hamroyev.

Kunduzgi bo‘lim: Yu. Hamroyev, Z. Abduvaliyeva, Ramazonov, Maxamatjonova, Anvarov, Maratova, Kvan Emna, Madatova, Solijonov.

Paypal tizimi orqali 29.03 - 18.05 oralig‘ida xayriya uchun
kelib tushgan pul mablag‘lari jami: 425 AQSh dollari
Tinkoff bank hisob raqamiga Rossiyadagi yurdoshlarimiz tomonidan
jami - 17 815r. kelib tushdi (300 AQSh dollari)
Sberbank hisob raqamiga Rossiyadagi yurtdoshlarimiz tomonidan
06.04 - 18.05 oralig‘ida jami - 29 500r. kelib tushdi (475 AQSh dollari)
29.03 - 18.05 oralig‘ida 19 569 507 so‘m Agrobank hisobiga kelib tushdi

Shuningdek, 2 900 000 so‘m xayriya niyatida yurtdoshlarimiz tomonidan omonat tarzida Kun.uz xodimlariga berib ketildi.

Bu galgi xayriya natijasida jami 76 million so‘m mablag‘ yig‘ildi. 

Muborak oydagi saxovatdan ko‘zlar quvonchga to‘ldi. Ehtiyojmandlarning yelkasidan tog‘ ag‘darildi. Dillarida yaxshilik niyati. Duolar, so‘zsiz, ushbu xayriya aksiyasida ishtirok etganlar haqiga yetib boradi.

KUN.UZ tahririyati “Taslim bo‘lma” xayriya aksiyasida ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirib qoladi. Ammo shifoxonada qalbi umidga to‘la bemorlar juda ko‘p. Ularning ham sog‘aygisi, bu kunlarni unutgisi keladi. Buning uchun ularga zarur dori-darmonlar kerak bo‘ladi. Biroq dorilar qimmat, ehtiyojmand bemorlar esa ko‘p. Ushbu aksiyani mablag‘ yig‘ilishiga qarab bir oyda bir yoki ikki marta o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Shu sabab unda faol ishtirok eting. Ayniqsa, Ramazon oyida qilingan har bir yaxshilik Yaratgan huzurida yetti yuz marta ko‘paytirib yoziladigan kunlarni g‘animat bilib, ehson va saxovat qilishga shoshiling.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top