20:29 / 28.05.2018
34450

Musibat va kasallik. Alloh nega bular bilan bandasini sinaydi?

Foto: KUN.UZ

Inson hayoti past va balandliklardan, ravon va notekis yo‘llardan iborat. U yashar ekan umri davomida ana shunday sinovlardan o‘tadi. Albatta, yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdandir. Agar banda buni chuqur his etsa, boshiga yetgan musibatlar Allohdan ekanligiga iymon keltirsa, bu uning uchun bitmas-tugunmas yaxshilikdir. Chunki hayotiy dunyosida sabr qilgani uchun yaxshi kunlar bilan taqdirlanadi, oxiratda esa ba'zi gunohlari kechirilgan holatda bo‘ladi.

Abu Said al-Xudriy va Abu Hurayra roziyallohu anhulardan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hech bir charchoq, kasallik, g‘am-g‘ussa, qayg‘u yoki biror bir mushkullik va hattoki zirapcha kirishidek musulmonga biror ziyon etishi yo‘q-ki, shu tufayli Alloh uning ba'zi gunohlarini yuvib yuboradi”, dedilar.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) mo‘minlarning musibat va sinovlarga duch kelishlarini ta'riflar ekanlar ularning sabr qilishlarini aytadilar. Aksincha, yomon insonlar, fosiqlar bu balolarga sabr eta olishmaydi va sinishadi. Bu haqda quyidagi hadisi sharifda shunday deyiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Mo‘min odam yangi ekilgan nihol daraxtiga o‘xshaydi, qaysi tarafdan shamol essa, u ana shu tarafga og‘adi va shamol to‘xtagan paytda yana tik turib oladi. Xuddi shunday, musulmon odam ham har xil balo va qiyinchiliklarga duchor bo‘ladi (lekin u, Alloh uning qiyinchiliklarini ko‘targunicha, sabr qiladi). Va yomon fosiq odam esa qarag‘ay daraxtiga o‘xshab qattiq va tikka bo‘lib turaveradi, Alloh uni o‘zi xohlagan paytda uzib (sindirib) tashlagunicha”, dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Agar Alloh biror bir bandaga yaxshilikni ravo ko‘rsa, u odamga har xil sinovlarni yuboradi”.

Ko‘plarning boshi bemorlikdan chiqmasa, darrov tushkunlikka tushishadi, Allohga nido qilib, “qaysi aybim uchun?”, deb zorlanishadi. Aslida, bunday holatlarda sabr qilish va duoda bo‘lish talab etiladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) hayotlariga razm solsak, u kishi ham juda ko‘p betob bo‘lganliklariga guvoh bo‘lamiz.

Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Men hech qachon hech bir odamni Rasululloh (s.a.v) kabi kasallikdan ko‘p azob chekkanini ko‘rmadim”.

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni kasallik paytlarida ziyorat qildim va ular qattiq isitmadan azob chekayotgan edilar. Men dedim: “Sizning isitmangiz juda baland. Buning uchun sizga ikki barobar mukofot bo‘lurmi?” Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Ha, va hech bir musulmon odam yo‘qki, balki ko‘rgan biror bir zarari (mushkulligi, muammosi) uchun Alloh uning gunohlarini daraxtning barglari to‘kilganidek to‘kib tashlaydi”, dedilar.

Bundan kelib chiqadiki, mo‘min kishining boshiga musibat kelsa, uning joni va moli zarar ko‘rsa va u bularga sabr qilsa, gunohlari xuddi daraxt barglari to‘kilganidek to‘kiladi, Alloh ularni mag‘firat etadi.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid
Top