00:15 / 29.05.2018
3543

O‘zbekistonlik harbiy taekvondochilar Osiyo chempionatida qator medallarni qo‘lga kiritishdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

24-28 may kunlari Vetnam poytaxti Xoshimin shahrida taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida dunyoning 34 mamlakatidan tashrif buyurgan 564 nafar sportchi ishtirok etdi. 

Mazkur nufuzli musobaqada Akmal Ergashev (bosh murabbiy) va Pavel Xan (katta murabbiy) boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari ham muvaffaqiyatli qatnashdi. Terma jamoa tarkibida yurtimiz sharafini himoya qilgan 14 nafar sportchining 7 nafari Mudofaa vazirligi sport klubi (MVSK) vakillari bo‘lib, turnir yakunlariga ko‘ra deyarli barcha harbiy sportchilarimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Xususan, -74 kg vazn toifasidagi taekvondochilar bahsida ishtirok etgan Qurolli Kuchlar xizmatchisi Nikita Rafalovich barcha raqiblaridan ustun kelib, Osiyo chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, vazni 67 kg.gacha bo‘lgan ayollar o‘rtasidagi murosasiz bellashuvlarda yana bir bor o‘z mahoratini namoyish etgan Qurolli Kuchlar xizmatchisi, Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining eng yosh ishtirokchisi deya e'tirof etilgan umidli taekvondochi Nigora Tursunqulova barcha bahslarda g‘alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. WTF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni, ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘olibi, shartnoma bo‘yicha xizmat oddiy askari Dmitriy Shokindan (+87 kg) bu safar omad yuz o‘girdi va mahoratli sportchimiz bronza medali bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Shuningdek, mazkur musobaqada terma jamoamiz muvaffaqiyatiga munosib ulush qo‘shgan MVSK vakillari – Qurolli Kuchlar xizmatchilari Maksim Rafalovich (-80 kg), Sardor Toirov (-63 kg) va Niyoz Po‘latov (-58 kg) ham bronza medali sovrindoriga aylandi.

Mavzuga oid
Top