22:31 / 29.05.2018
75236

“VIA Maroqand” guruhi solistlarining litsenziyasi to‘xtatildi, Umirov va “Ummon” ogohlantirildi

Foto: Musictop.uz

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi qoshidagi qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholovchi  Badiiy Kengash a'zolari tomonidan  “VIA Maroqand” guruhining “Turist” qo‘shig‘iga ishlangan videoklipida juz'iy kamchiliklar bo‘lganligi bois klipni ommaga taqdim etish rad etilgan edi. 

"O‘zbekkonsert" matbuot xizmati guruh a'zolari bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, ushbu klip ommaviy axborot vositalari orqali namoyish etilganligi sababli,   “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining  23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asosan “VIA Maroqand” guruhi a'zolari Zakirova Asalxon Baxtiyorjon qizi va Tashmatov Abdurashid Xusanovichlarga berilgan litsenziyalar joriy yilning 29 may kunidan to‘xtatilganligini ma'lum qilindi.

Shuningdek, Kengash a'zolari tomonidan “Ummon” guruhining “Oq gulim”  va xonanda Jasur Umirovning “Saypi” deb nomlangan qo‘shig‘i hamda unga ishlangan kliplaridagi mavjud kamchiliklarni  to‘g‘rilab, ommaga taqdim etish vazifasi topshirilgan edi. Biroq bildirilgan kamchiliklar to‘liq bartaraf qilinmasdan efirga berilganligi uchun xonanda Jasur Umirov va “Ummon” guruhi ogohlantiriladi.

Manbada agar ushbu holat yuqorida nomlari keltirilgan san'atkorlarda qayta takrorlansa, ularga berilgan litsenziyalar muddatidan  avval to‘xtatilishi qo‘shimcha qilingan.

Top