Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mo‘min kishi taomlana turib ham go‘zal axloqda namuna bo‘la oladi
Mo‘min kishi hayotning har bir jabhasida, o‘zining har bir xatti-harakatida boshqalarga o‘rnak bo‘la oladi. O‘z ishini astoydil qilish, o‘zgalarning hurmatini joyiga qo‘yish, kiyinish, ziynatlanish, gapirish va shu kabi amallarda go‘zal xulq ko‘rsata olishi zarur. Jumladan, taomlanishda ham.
Alloh taolo tomonidan yaratilgan har bir jonzot taom yeydi. Ammo insonning taomlanishi ulardan mutlaq o‘zgacha va ustun bo‘lishi kerak. Chunki inson Alloh nazdida eng oliy va mukarramdir. Mana shu darajalarga munosib bo‘lish uchun, har bir kichik holatlarga, hatto taomlanishda ham e'tiborli bo‘lish lozim.
Taomlanish qanday bo‘ladi? Bu haqda har bir jabhada bizga ustozlik qilgan payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) to‘g‘ri va chiroyli taomlanish borasida ham o‘z ko‘rsatmalarini berib ketganlar. Quyida mana shu mavzuda keluvchi hadislardan misollar keltiriladi.
Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Men Rasulullohning (s.a.v) qaramog‘laridagi bola edim va men ovqatlanayotgan paytimda qo‘llarimni ovqat idishning har qayog‘iga cho‘zar edim. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v) menga shunday dedilar: «Ey bolakay! Ovqat yeyayotganingda Alloh nomini tilga ol (ya'ni, “Bismillah” bilan boshlagin) va o‘ng qo‘ling bilan yegin va (ovqat idishining) senga yaqin bo‘lgan joyidan yegin». O‘shandan buyon men ovqat yeyayotganimda shu ko‘rsatmalarga amal qilib keldim.
***
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz sallollahu alayhi vasallam shunday dedilar: “Mo‘min odam bir ichakda ovqat yeydi (ya'ni, oz ovqatga qanoatlanadi) va kofir odam esa yetti ichakda yeydi (ya'ni, juda ko‘p ovqat yeydi).
Ochko‘zlik ham bir illat. U dangasalikni, qalbi qoralikni, ruhiy charchoqni keltirib chiqaradi. Bundan ham ayanchlisi salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishidir.
***
Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Men (biror narsaga) suyangan holda ovqat yemayman», dedilar.
***
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v) hech qachon taklif qilingan biror bir ovqatni tanqid qilmaganlar. Agar (taklif qilingan) ovqatni yoqtirsalar uni yer edilar va agar yoqtirmasalar u ovqatni yemay qoldirar edilar.
Ko‘pchilik taomning tuzi ko‘p yoki kam bo‘lsa, mazasi biroz boshqacha tuyulsa, darrov taomning kamchiligini aytishga tushib ketishadi. Ammo mo‘min kishi bunday qilmasligi lozim, bu borada ham Rasuli akram chiroyli o‘rnak ko‘rsatganlar.
***
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v) shirin yeguliklarni va asalni yaxshi ko‘rar edilar.
***
Sa'd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Kim har kuni ertalab Ajva hurmosidan yetti donasini esa, u odam o‘sha kuni sehrdan va zaharlanishdan omonda bo‘ladi», dedilar.
***
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarmiz (s.a.v): «Kim sarimsoq yoki piyoz yegan bo‘lsa, u bizdan nari tursin (ya'ni, masjidga kirmasin)», dedilar.
Sarimsoq va piyoz singari sabzavotlar o‘zidan o‘tkir, noxush hid chiqarishadi. Garchi ularning salomatlikka foydasi ko‘p bo‘lsada, uni iste'mol qilib, masjidga kirilmaydi. Chunki jamoat joyida odamlarni bezovta qilib qo‘yishlari mumkin.
***
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: «Sizning xizmatkoringiz sizga taom keltirgan paytda, siz uni birga o‘tirib shu ovqatdan tanovul qilishga chorlamasangiz ham, eng kamida shu ovqatdan ozgina olishlikka buyuring. Chunki u shu ovqatni tayorlash vaqtida issig‘idan qiynalgan va shu ovqatni chiroyli qilib pishirish uchun mashaqqat chekkan».
***
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v): «Agar (hufton) namoziga qomat aytilsa va o‘sha paytda kechki ovqat suzilsa, siz birinchi ovqatingizni tanovul qiling», dedilar.
Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid
22:39 / 11.06.2019
Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh uning ham ayblarini yashiradi
18:51 / 10.06.2019
Musulmon o‘z birodariga zulm qilmaydi, uni xorlamaydi va yolg‘on so‘zlamaydi
19:11 / 08.06.2019
“Kun hadisi”: “Qaysi biringiz bir yomonlikni ko‘rsa, uni qo‘li bilan tuzatsin...”
18:54 / 06.06.2019