28 may kuni Podrobno.uz saytida iqtisodiyot fanlari nomzodi Farhod Qurbanbayevning «Tavakkalsiz soliq islohoti yoki yana bir bor soliq tizimini isloh qiliş Kontseptsiyasi haqida» sarlavhali maqolasi çop etildi.

Avvalambor şuni ta'kidlaş kerakki, muallif uşbu maqola orqali amaldagi soliq islohotlari borasida eng dolzarb mavzularni xolislik bilan, tuşunarli tilda, çuqur tahlil qilib bergan. Bunday xolis tahlillar islohotlar jarayonida juda muhim. Şu bilan birga, maqolada keltirilgan ayrim takliflar qöşimça savollar tuğilişga sabab böladi. Uşbu savollar töplamini öquvçilarga va muallifga havola etib, mavzu böyiça tahlilni davom ettirişga jazm qildim. Zero bu iş mazkur muammolar yeçimi böyiça eng töğri yöl qaysi degan savolga aniqlik kiritişga xizmat qiladi, degan umiddaman.

 

1. Daromad soliği korxonaning aylanma mablağidan/tuşumidan undirilişi kerakmi yoki uning sof foydasidan?

Muallif amaldagi kiçik korxonalarga nisbatan belgilangan soddalaştirilgan yagona soliq tizimini tanqid qilib, daromad soliğini kiçik korxonalarning aylanma mablağlariga emas, balki ularning sof foydasiga qaratiş kerakligini ta'kidlaydi. Muallif buning sabablari sifatida uşbu yagona soliq tizimi iqtisodiyotni rivojlanişiga tösiq ekanini va u soliq tölovçilar örtasida soliq yukini nomutanosib taqsimlanişiga sabab bölişini keltiradi.

Muallifning tahlillarida jon bor, daromad soliğini aylanma mablağga emas, balki daromadga qaratiş bu jahon tan olgan, özini isbotlagan eng töğri yöldir.

Lekin amaliyotda köp kiçik korxonalar uçun soliqni pul aylanmasidan tölaş eng qulay usul sifatida qolmoqda. Bunga kiçik biznes faoliyati bilan şuğullanayotgan tadbirkorlar bilan suhbatda amin böliş mumkin. Bu degani yagona soliq tizimi eng töğri yöl, unda kamçiliklar yöq degani emas. Yagona soliq tizimining öziga yaraşa muammolari mavjud (masalan, tadbirkor bankdagi öz mablağlarini erkin tasarruf qilişda qiyinçiliklarga röbaro‘ bulayotgani, tadbirkorlar uçun norasmiy kvotalar belgilab qöyilişi, inkassatsiya tizimi muammolari, soliqning sof foydaga nomutanosibligi va hokazo). Lekin haqiqat şuki, kiçik biznes korxonalari soliqqa tortişning umumiy usuliga ötişdan bezib qolişgan. Ularning köpçiligi amaldagi yagona soliq tizimida qolişni afzal körişadi.

Buning sababini quyidagiça izohlaş mumkin: kiçik biznes egalari soliqqa tortişning umumiy usuli deganda 90-yillardagi muammoli, umumiy soliq tizimi köz öngiga keladi.

Bunda kiçik korxona egalarining xavotirlariga asos bor. Buning ustiga, muallif taklif qilayotgan umumiy soliq tizimidagi yuridik şaxs daromadini 25 foiz stavka asosida soliqqa tortiş tizimiga ötişni, hozirda yagona soliq tizimi asosida faoliyat yuritayotgan heç qaysi tadbirkor xohlamasa kerak. Çunki bu 25 foiz daromad soliq yuki ustiga muallif aytgan 7 foiz (amalda: 20 foiz; konsepsiyada: 12 foiz) qöşimça qiymat soliği, 15 foiz yagona ijtimoiy tölov bilan birga hisoblaganda, umumiy soliq yuki taxminan 40-45 foizga borib qoladi. Undan köra, ular tinçgina aylanmadan 5 foiz daromad soliğini tölaşni afzal körişi tabiiy.

Şu holatda qanday qilib kiçik korxonani umumiy soliq tizimiga ötiş ular uçun foydali ekaniga işontira oliş mumkin? Bunday vaziyatda qanday qilib soliqning umumiy tizimiga ötiş kiçik biznes uçun foydali ekani va bu eng töğri yöl deb tuşuntiriş mumkin? Barça hisoblar aksinça ekanligini körsatib turgan bir paytda, ularga umumiy tizim eng töğri va foydali ekanligini ta'kidlaş qiyin masala.

Aytmoqçimanki, kiçik korxonalarga soliqning umumiy tizimiga ötişni taklif qilişdan avval, umumiy soliq tizimidagi soliq stavkalari va soliq tölaş tizimini yaxşilab tahlil qilib, uni soddalaştiriş zarur. Ma'lumot sifatida körsatmoqçimiz, masalan, Kanadada kiçik biznes (ya'ni yillik sof daromadi 500,000 dollardan kam bölgan korxonalar) öz sof daromadidan 14,5 foiz soliq tölaydilar.

Kiçik biznesni umumiy soliq tizimiga ötkaziş, umumiy soliq tizimini yengillaştiriş va takomillaştiriş bilan birga olib borilişi kerak bölgan islohotdir. Masalaga şunday yondaşilmasa, kiçik biznesni soliqqa tortiş qaysi usulda yölga qöyilişidan qat'i nazar, xufyona iqtisodiyotdan çiqmasligi mumkin. Soliq qaysi tizimda undirilişidan qat'i nazar, asosiy masala tadbirkor daromadiga tuşadigan soliq yukini kötara oladimi, degan savolga borib taqaladi. Şunday ekan, umumiy soliq tizimi şunday yölga quyilişi kerakki, tadbirkor soliq qonunini aylanib ötişdan köra, unga amal qilişni afzal körsin! Şunday ekan, biznesga tuşadigan soliq yukini töğri belgilaş masalasi konsepsiyani işlab çiquvçilar oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.

 

2. Jismoniy şaxslar daromadining bir qismi soliqdan batamom ozod qilinişi kerakmi?

Muallif öz maqolasida mehnatga haq tölaş tarzidagi daromadlarga, ya'ni iş haqiga nisbatan amaldagi soliq yuki yuqori ekanini ta'kidlab, «soliq tölanmaydigan minimum»ni joriy etişni va uning miqdorini bir oyda taxminan 750.000 söm bölişi kerakligini ta'kidlaydi. Ya'ni, şaxs özining oylik iş haqini 750.000 sömi böyiça daromad soliğidan ozod qilinişi masalasi kötarilgan. Bu fikrni köpgina soliq mutaxassislari qöllab-quvvatlaydi. Çunki şaxsning yaşaşi uçun zörğa yetib turgan daromadini soliqqa tortiş uning iqtisodiy ahvolini oğirlaştiradi. Şuning uçun ham, kiçik korxonalar köpgina kam maoşli mehnat munosabatlarini norasmiy ravişda yölga qöyişga harakat qilişadi. Şu nuqtai nazardan, taklifning qabul qilinişi, köpgina mehnat munosabatlari rasmiy tus olişiga xizmat qilsa ajab emas.

Lekin masalaning boşqa tomoni ham mavjud. Jismoniy şaxslarning daromadlari faqat iş haqini özidan iborat emas. Kimdir ijara tuşumi, kimdir dividend va yana kimdir tadbirkorlik foydasi körinişida daromad oladi. Agar soliq tölanmaydigan minimum faqat iş haqi daromadiga nisbatan belgilansa, daromadni boşqa manbadan oladigan jismoniy şaxslarga nisbatan adolatsizlik bölib qolmaydimi? Çunki bu siyosat iqtisodiy faoliyatning bir turidan olingan daromadning (ya'ni, iş haqining) bir qismi soliqdan ozod qilinişiga, lekin boşqa turidan olingan daromad soliqqa tortilişiga sabab bölib qoladi.

Muammo şundaki, daromad qaysi manbadan kelişidan qat'i nazar, uning miqdori va daromad topuvçilarning iqtisodiy holati bir xil bölişi mumkin. Bunda siz taklif qilayotgan soliq tölanmaydigan minimum daromadning turiga nisbatan emas, balki soliq tölovçi jismoniy şaxsga nisbatan belgilanişi töğri emasmi?

Aytmoqçimanki, jismoniy şaxs daromadni qaysi manbadan topişidan qat'i nazar, uning bir yillik daromadi miqdorining muayyan bir qismi soliqdan batamom ozod qilinişi yoki minimum (masalan 5 foiz) stavka asosida soliqqa tortiş tizimi töğriroq. Şunda barça jismoniy şaxslarni soliqqa tortişda, ularning gorizontal tengligiga putur yetmaydi. Şu masalaga muallif öz munosabatlarini bildirsa, mavzuning yanada çuqurroq tahlil qilinişiga erişgan bular edik.

 

3. Dividend daromadi jismoniy şaxslarning boşqa daromadi bilan bir stavkada soliqqa tortilişi kerakmi?

Muallif maqolada yana dividend daromadini jismoniy şaxsning boşqa daromadlari bilan bir xil stavkalar asosida soliqqa tortiş zarurligini ta'kidlaydi va buning sababini misol bilan tuşuntiradi. Muallif fikrida jon bor — jismoniy şaxsning daromadi bir turini boşqa turiga qaraganda yengilroq soliqqa tortilsa, bu soliqçilar tomonidan bir daromadni sun'iy ravişda boşqa daromad turiga aylantirişga harakat qilişlariga va buning natijasida soliqdan qoçiş holatlari yuz berişiga olib keladi. Bunga rivojlangan davlatlar amaliyotidan köp misollar keltirişimiz mumkin.

Lekin bu masalani yana bir tomoni bor. Dividend bu öziga xos daromad turi hisoblanadi. U jismoniy şaxsning korxona daromadidan oladigan uluşidir. Şunday ekan, uşbu daromad odatda korxona darajasida ham soliqqa tortilgan (ya'ni, korxona daromadini soliqqa tortiş tarzida). Şunday ekan, dividendni ta'sisçi yoki aksiyador qölida yana soliqqa tortiş bir daromadni ikki marotaba soliqqa tortilişiga sabab bölib qoladi.

Agar bunga yöl quyilsa, jismoniy şaxslarning dividend daromadiga tuşadigan soliq yuki, boşqa turdagi daromadlariga tuşadigan soliq yukidan kura ança yuqori ekanligiga sabab böladi va bu tadbirkorlik va sarmoya muhitiga salbiy ta'sir qilişi mumkin. Zero soliq siyosatida «bir daromad yagona marta daromad soliqqa tortilişi kerak: undan köp ham emas, kam ham emas», degan tamoyil mavjud.

Bu xorijiy davlatlar tajribasida tan olingan muammo. Şuning uçun ham köp davlatlarda dividend past stavkada yoki alohida tarzda soliqqa tortiladi. Uşbu holatda muallifning takliflarida asos borligini, lekin dividendni jismoniy şaxsning boşqa turdagi daromadidan farq qilişini hisobga olgan holda, uning muayyan bir qismini soliqdan batamom ozod qiliş töğriroq bölsa kerak. Bunda dividendning qolgan qismi jismoniy şaxsning boşqa daromadlari qanday stavkada soliqqa tortilsa, öşa stavkalar asosida soliqqa tortilaveradi.

 

4. Daromaddan undiriladigan soliqdan taşqari tölovlar miqdori qança bulişi va ularni tölaşni kimning zimmasiga yuklaş töğri böladi?

Muallif maqolada mehnatga haq tölaş tarzida daromad oluvçi şaxsdan undiriladigan 8 foiz suğurta badalini bekor qilişni taklif etadi. Muallif uning urniga 15 foiz yagona ijtimoiy tulovni saqlab qolişni va uni barça turdagi korxonalarga nisbatan amal qiliş taklifini beradi. Töğri, hozirda mehnatga haq tölaş tarzidagi daromadga nisbatan tuşadigan soliqdan taşqari tölovlarning yuki juda yuqori.

Işçining maoşidan uşlab qolinadigan 8 foiz suğurta badali va iş beruvçining şu maqsadda tulaydigan 15 foiz (ba'zida 25 foiz) yagona ijtimoiy tölovni birga hisoblaganda, jami yuk 23–33 foizga yetadi. Şunday ekan, bunday tölovlar yuki ba'zida daromad soliğidan ham yuqori. Bu hali daromad soliğidan taşqari!

Muallif taklif qilgan holat esa, amaldagi tizimdan ança yaxşi. Çunki unda tölov miqdori 15 foiz bulib, bu iş beruvçi uçun ham, işçi uçun ham amaldagi 23–33 foiz tölovdan ança yaxşi. Lekin, bu xususiy korxonalar işçilar bilan bölgan mehnat munosabatlarini rasmiylaştirişga, ya'ni, maoş tölovi miqdorini yaşirmaslik uçun va munosabatlarni xufyona iqtisodiyotdan olib çiqiş uçun yetarli asos bölmasligi mumkin. Çunki, uşbu tölovni aynan bir tomon zimmasiga yuklaş tufayli, imkon qadar munosabatni norasmiy yölga qöyişga intilişiga olib keladi.

Masalan, muallif aytgandek yagona ijtimoiy tulovni 15 foiz etib belgilab, uni butunlay iş beruvçi zimmasiga yuklaş, uning imkon qadar öz işçilariga «konvert» orqali pul berişga intilişiga olib kelişi mumkin. Uşbu muammoni şunday yeçiş kerakki, tölov yuki iqtisodiyotga ham, byudjyetga ham zarar yetkazmasin.

Bu böyiça jahon tajribasida yaxşi amaliyot mavjud. Masalan Kanadada pensiya jamğarmasiga tölov 9,9 foiz bölib, u iş beruvçi va işçi örtasida teng bölingan holda tölanadi. Bunda iş beruvçi işçiga tölagan oyligidan 4.95 foiz işçi esa uşa olgan maoşidan 4.95 foiz pensiya jamğarmasiga ötkazadi. Tölov yuki ikkala tomon uçun ham katta oğirlik tuğdirmaganligi tufayli, bu ularda qonunni aylanib ötişga intilişga olib kelmaydi. Albatta tölov stavkasi aniq miqdori moliyaçi mutaxassislar tomonidan byudjyetning pensiya tölovlari uçun ketadigan xarajatlari yaxşilab örganib çiqqan holda işlab çiqilişi zarur.

 

Tahlil söngida:

Umuman olganda muallif Farhod Qurbanbayev öz maqolasida amaldagi soliq tizimini çuqur tahlillar asosida yoritib bergan bölib, unga öz munosabatini bildirgan. Bu kabi tahlillar yangi soliq qonunini işlab çiqişda katta ahamiyatga ega. Muallif uşbu murojaat tarzida yöllangan maqolani, öz maqolasiga kamtarona qöşimça sifatida qabul qiladi degan umiddamiz. Maqsadimiz bitta — mamlakatimiz yangi soliq qonuni mukammal va iqtisodiy farovonlikka hizmat qiluvçi qonun sifatida şakllanişiga erişişdir.

Vohid Örinov