Jahon | 11:11 / 31.05.2018
9433
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashiga umrbod rahbarlik qilishi mumkin

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston parlamenti senatining deputatlari payshanba kungi yalpi majlisda «Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik Kengashi to‘g‘risida»gi qonun va unga qo‘shimchalar to‘plamini qabul qilishdi, unda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning mamlakat Xavfsizlik kengashiga umrbod rahbarlik qilish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan. Bu haqda KazTAG xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, qonun loyihasiga muvofiq, Xavfsizlik kengashi ichki siyosiy barqarorlikni saqlash maqsadida ichki xavfsizlik va mudofaa salohiyatini ta'minlash, konstitutsiyaviy tuzumni, davlat mustaqilligini va hududiy yaxlitlikni himoya qilish sohasidagi davlat siyosati amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi konstitutsiyaviy organ hisoblanadi.

Qonun loyihasining 2-moddasida prezidentning Xavfsizlik kengashiga umrbod rahbarlik qilish huquqini mustahkamlab qo‘yish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi raisining vakolatlariga aniqlik kiritilmoqda va Xavfsizlik kengashi a'zolari vakolatlari ham belgilanmoqda.

«Xavfsizlik kengashi raisi Kengash faoliyatiga rahbarlik qiladi; Xavfsizlik kengashining majlislarini va tezkor yig‘ilishlarini chaqiradi; Xavfsizlik kengashi a'zolariga ko‘rsatmalar beradi; Xavfsizlik kengashi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi; Xavfsizlik kengashi apparati tashkiliy-huquqiy maqomini belgilaydi va uning tuzilmasini tasdiqlaydi; Xavfsizlik kengashining faoliyatiga taalluqli aktlarni, shu jumladan normativ-huquqiy xarakterga ega aktlarni chiqarish huquqiga ega; Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi», - deyiladi hujjatda.

Umuman olganda, qonun loyihasi bilan Xavfsizlik kengashi va uning apparatining huquqiy maqomi, vazifalari, funksiyalari, shakli, tarkibi va faoliyatini tashkil etish, shuningdek, moliyalashtirish tartibi belgilab qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid