O‘zbekiston | 15:24 / 31.05.2018
7500
4 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabzda sayyor qabul: fuqarolar murojaati viloyat 4-sektor rahbari tomonidan amaliy hal etildi

Qashqadaryo viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchisi, 4-sektor rahbari S.Eshmatov tomonidan Shahrisabz shahrida ommaviy qabul o‘tkazildi. Bu haqda viloyat Davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi KUN.UZ’ga xabar bermoqda.

Foto: Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati

Qabulda Shahrisabz shahri hududidagi jami 8 ta mahalla fuqarolar yig‘inida mehnatga layoqati, jismoniy imkoniyati cheklangan, kam ta'minlangan fuqarolarning hamda tadbirkorlarning murojaatlari bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga alohida e'tibor qaratildi.

Shahrisabz shahrida yashovchi Luiza Mo‘ysinova farzandiga nogironlik aravachasi olishda amaliy yordam so‘radi. 

Foto: Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati

– O‘g‘lim Suhrob Rustamov yurolmaydi. Agar imkon bo‘lsa, Toshkentda tajribali shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazish, davolatish uchun yo‘llanma olishda yordam berishingizni so‘rayman, – dedi G.Normurodova.

Shuningdek, fuqaro Gulsara Abdullayeva ancha yildan buyon betobligi, doimiy shifokor nazoratida bo‘lishi lozimligi sababli  sanatoriyga yo‘llanma zarurligi yuzasidan murojaat qildi.

Ushbu murojaatlar yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Shahrisabz shahar Tibbiyot birlashmasi mutasaddilari tegishli ma'lumotlarni berib, murojaatda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan amaliy ko‘mak berishdi.

“Yashil diyor” mahalla fuqarolar yig‘ini Yangi hayot ko‘chasida yashovchi aholi nomidan Ne'mat Qosimov so‘zga chiqdi. Fuqarolar ko‘chadagi transformator eskirganligi sababli, uni yangisiga almashtirib berishni so‘radi. Hasanboy Yoqubov esa mahallasining yo‘llarini ta'mirlashda ko‘mak so‘rab murojaat qildi. Mazkur masalalarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berildi, ijro uchun aniq muddatlar belgilandi.

Foto: Davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati

– Qabulda mahalladoshlarim nomidan murojaat qildim, – deydi Burxon Po‘latov. – Biz “Oqsaroy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaymiz. Mahallamiz katta yo‘lga yaqin joyda joylashgan. Lekin svetofor o‘rnatilmagan. Shu masalada amaliy yordam berishlarini so‘rayman. 

“Navro‘z” mahallasida yashovchi fuqaro Murodillo Tursunovning murojaati ham e'tiborli bo‘ldi. 

- Shaharda olib borilgan qurilish va bunyodkorlik ishlari natijasida ayrim savdo do‘konlari buzilgan edi. Shu jumladan men savdo qilgan do‘kon ham buzilgan. Menga savdo do‘koni qurish uchun yer ajratishingizni so‘rayman, - dedi u.

Ushbu murojaat ham qanoatlantirildi va unga amaliy yechim topildi. Ommaviy qabulda ko‘rib chiqilgan masala va muammolar muhokama qilinib, ularning aksariyati qonunchilik talablari asosida hal etildi. Qolgan masalalar yechimi bo‘yicha tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid