Jamiyat | 19:19 / 01.06.2018
73915
2 daqiqa o‘qiladi

Munofiqning uch belgisi bor...

Foto: KUN.UZ

Munofiqlar haqida eshitganmiz. Ular qanday odamlar bo‘ladi? Munofiqlarni boshqalardan ajratuvchi belgilar bormi? Bu haqda ta'lim berar ekanlar, Payg‘ambarimizdan (s.a.v) quyidagi hadis keltiriladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday dedilar: “Munofiq odamning a'lomatlari uchtadir:

1. Qachon gapirsa, yolg‘on gapiradi;

2. Qachon va'da bersa, va'dasini ustidan chiqmaydi (ya'ni, va'daga vafo qilmaydi);

3. Unga biror bir narsa omonat qilinsa, omonatga xiyonat qiladi (ya'ni, biror bir narsani omonat qilib berilsa, uni o‘z egasiga qaytarib bermaydi)”.

Sharh: Ko‘rinib turibdiki, munofiqning uch alomati bor ekan. Odamlar bilan suhbatlashganda, biror bir xabarni yetkazganida yolg‘on gapiradi. Buni, albatta, o‘z manfaati uchun qiladi. Ikkinchi belgisi, va'da bersa, uning ustidan chiqmaydi. Bu bilan mas'uliyatni his etmaydi, o‘zida beburdlik illatini shakllantiradi va o‘zgalarni hurmat qilmaydi. Uchinchi belgi – omonatga xiyonat qilish, ya'ni birovning haqiga xiyonat qilishidir. Bu bilan o‘ziga nisbatan boshqalar ishonchini yo‘qotadi.

Bir so‘z bilan aytganda, munofiq – tuslanuvchi, ikkiyuzlamachi odamdir. U o‘zgalar ko‘z oldida Allohga ishonuvchi, uning aytganlarini qiluvchi mo‘min-musulmon bo‘lib ko‘rinadi, ammo qalban bu narsalarni tasdiqlamaydi, gunoh ishlarda davom etaveradi.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid