Sport | 20:50 / 01.06.2018
11969
3 daqiqa o‘qiladi

Jasur Hasanov: «Nasaf»dan pul tufayli ketmadim»

Foto: FC Nasaf

«Nasaf» klubi moliyaviy muammolar tufayli bir qancha futbolchilari bilan xayrlashishi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Birinchi bo‘lib jamoani yarimhimoyachi Jasur Hasanov tark etdi. Tajribali futbolchi buning sabablari haqida Sports.uznashriga intervyu berdi.

«Rostdan, mening «Nasaf»dan ketishim kutilmagan holat bo‘ldi. Menimcha, bunday bo‘lishini hech kim o‘ylamagandi. Ayni paytda ko‘pchilikning og‘zida «Nasaf»da pul yo‘q, maoshlar vaqtida berilmayapti, legionerlar klubdan ketarkan, degan gaplar yuribdi. Lekin mening ketishimga bularning mutlaqo ta'siri yo‘q. Oylik maosh yoki mukofot pullarini bermayotgani hech qanday sabab emas. U yerdan ketganimning sababi umuman boshqa. Mening muxlislarga hech qanday e'tirozim yo‘q. Aksincha, qo‘llab-quvvatlashgani uchun ulardan minnatdorman. Shu bois ishqibozlardan mingdan-ming roziman. Men doim muxlislar bilan birgaman. Ketishimning aniq sababini ayta olmayman, buni o‘zim bilaman. Ammo buni baribir aytishga majburman, faqat vaqti soati kelganda aytaman. Hozir esa podadan oldin chang chiqarmoqchi emasman» - dedi Hasanov. 

Shundan so‘ng, futbolchi kelajakda qaysi jamoada to‘p surmoqchi ekani haqida gapirdi.

«Hozir menga «So‘g‘diyona» va 5-6 ta klub qiziqish bildiryapti. Lekin hali hech kimga aniq javob berganim yo‘q. Chunki variantlarim ko‘p. Qolaversa, Superligada biroz ta'til bo‘ladi. Shu payt davomida hammasini o‘ylab chiqib, keyin bir qarorga kelaman. To‘g‘ri, Jizzax jamoasi bilan og‘zaki gaplashdim. Lekin o‘rtamizda biror nimani hal qiladigan gap bo‘lgani yo‘q. So‘zda boshqa, amalda boshqa bo‘lishi mumkin. Ayni paytda hech kimga falonchi klubga o‘taman deb ayta olmayman. Menimcha, tez orada hal bo‘lib qoladi» - dedi Hasanov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid