O‘zbekiston | 10:27 / 02.06.2018
5263
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda “Ochiq byudjyet” portali yaratiladi va davlat ochiq byudjyet indeksi reytingida ishtirok etadi

2018–2020 yillarda Davlat byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari va xarajatlari ochiqligini ta'minlash va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi – “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanishi mumkin. Bu normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e'lon qilingan prezident farmoni loyihasida belgilab qo‘yilgan.

Hujjat bilan har bir hududda “ochiq mahalliy byudjyet” rasmiy veb-saytlari ochiladi hamda ularda:

mahalliy byudjyetni shakllantirish, tuzish, ko‘rib chiqish va qabul qilish, shuningdek mahalliy byudjyet ijrosining borishi;

O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari hamda mahalliy byudjyet mablag‘lari doirasida yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital va joriy ta'mirlanadigan obektlar;

byudjyetlarning qo‘shimcha manbalarini shakllanishi, taqsimlanishi hamda sarflanishi;

ijtimoiy soha muassasalariga ajratilayotgan, jumladan oziq-ovqat, dori-darmon, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan bog‘liq va boshqa xarajatlarga ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni e'lon qilish orqali fuqarolar hamda boshqa foydalanuvchilarga axborot berish va byudjyet jarayonida jamoatchilik fikrini e'tiborga olish tartibi joriy qilinadi.

Bundan tashqari, 2018 yil uchun tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti parametrlari hamda 2017 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ma'lumotlari asosida qulay, tushunarli va sodda shakldagi “Fuqarolar uchun byudjyet” qo‘llanmasi ishlab chiqilishi mumkin. 

2018 yilning 1 sentabridan boshlab byudjyet jarayoni bilan bog‘liq barcha hujjatlar, shu jumladan byudjyet so‘rovi, byudjyet loyihasi, xarajatlar smetasi va byudjyet ijrosi jarayonida ularga kiritilgan o‘zgartirishlar, moliyaviy hisobotlar va boshqa hujjatlarning elektron shaklda almashish tizimi joriy etilishi taklif qilingan.

byudjyet shaffofligi bo‘yicha xalqaro reytingda yuqori o‘ringa ega jahonning yetakchi mamlakatlari tajribasi asosida o‘zining veb-saytida “Ochiq byudjyet” portali yaratiladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik (PEFA) mezonlari bo‘yicha Davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholashni o‘tkazish yuzasidan Jahon banki bilan muzokaralar o‘tkaziladi;

Jahon banki tomonidan o‘tkaziladigan baholash natijalari O‘zbekistonning Davlat moliyasini boshqarishdagi reytingiga ta'sirini inobatga olib, baholashda qamrab olinadigan barcha sohalar mutasaddi xodimlarini va mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi;

Joriy yilning 1 iyuliga qadar Open Budget Partnership (OBP) xalqaro reyting hamjamiyati bilan O‘zbekiston Respublikasining ochiq byudjyet indeksi reytingida ishtirok etishi bo‘yicha konstruktiv muloqot o‘rnatiladi. 1 sentabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yildan boshlab Open Budget Index (OBI) da ishtirok etishi bo‘yicha “Yo‘l-xaritasi” ishlab chiqiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid