Lisenziyalar soni ancha kamaydi; ayrim tashkilotlarga solinadigan soliqlar pasaytirildi; korporativ haydovchilar xususiy kurslarda malaka oshirishlari mumkin va 1 iyundan amal qila boshlagan yana 6 ta yangilik, deb yozadi Norma.
 
Birinchisi. Biznes sohasidagi litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari kamaydi. 7 turdagi litsenziya va 35 ta ruxsat beruvchi hujjatlar to‘liq bekor qilindi. Ayrimlari – birlashtirildi, endi bir yo‘la bir nechta litsenziya (ruxsatnoma) rasmiylashtirishga zarurat yo‘q – bitta hujjatning o‘zi kifoya. 15 turdagi litsenziya va 35 ta ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirilib, ularni olish jarayoni jadallashtirildi. Biroq bu hali hammasi emas.
 
Ayrim turdagi faoliyatga litsenziya berish funksiyalari Vazirlar Mahkamasidan quyi turuvchi idoralarga o‘tkazildi. Ba'zi litsenziya va ruxsatnomalarni respublika organlari o‘rniga endi ularning hududiy boshqarmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari o‘rniga – tuman (shahar) hokimliklari beradi. Bu ham zarur hujjatlarni olish jarayonini tezlashtirib, qog‘ozbozlikni kamaytirishda yordam beradi.
 
Ayrim litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish jarayoni soddalashtirildi. Asosan arizachilardan talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartirildi.
 
Endi beriladigan litsenziyalarning amal qilish muddati cheklanmaydi. Quyidagi huquqni beradigan litsenziyalar bundan mustasno:

• tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish – 5 yil;
• giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada bo‘lishi bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish – 5 yil;
• ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish – 15 yilgacha, biroq kamida 5 yil, shuningdek teleradioeshittirishlarni tarqatish – 5 yil;
• neft, gaz va gaz kondensatini qazib olish, qayta ishlash va sotish – 5 yil.
 
Ikkinchisi. Endi tadbirkorlik sub'yektlari, ilgari majburiy bo‘lgan eksport shartnomasini tuzmasdan va eksport uchun bank komissiyasini to‘lamasdan, elektron savdo internet-maydonchalari orqali tovarlar, ishlar va xizmatlarni eksport qilishlari mumkin. Ushbu qoida tatbiq etilmaydigan ayrim tovarlarni Vazirlar Mahkamasi belgilashi kerak. Ayni paytda hamma foydalana oladigan bunday ro‘yxat yo‘q.