23:51 / 05.06.2018
6135

Davlat barcha ekologik muammolarni hal qilishga majburmi?

Faol fuqarolik pozitsiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish siyosatining muhim elementidir. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi (MOMEM) ijrochi direktori Iskandar Abdullayev Xalqaro Press-klubning 5 iyun - Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan sessiyasi doirasida shunday bayonot berdi.

"Markaziy Osiyo davlatlari o‘z kelajagini qanday ko‘rmoqchi ekaniga doir ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishi muhim. Bunda jamoatchilikning roli katta. Davlat barcha ekologik muammolarni hal qilishi kerak, deya fikrlash noto‘g‘ri. Jamoatchilik, nodavlat sektorlar va shu mintaqada yashovchi odamlar ham bu jarayonda faol ishtirok etishlari kerak", - deydi Abdullayev.

Iskandar Abdullayev
Foto: Xalqaro Press-klub

U shuningdek atrof-muhit muhofazasida xalqaro tashkilotlarning roliga ham to‘xtalib o‘tdi.

"Ta'kidlash kerakki, oxirgi 10 yillikda 3 milliard AQSh dollari kredit va grantlar ko‘rinishida aynan atrof-muhit muhofazasiga yo‘naltirilgan. Ehtimol, bu bizning katta mintaqamiz uchun u qadar ko‘p emasdir. Biroq dunyoda boshqa global muammolar yetarli ekanini inobatga oladigan bo‘lsak, bu kam ham emas", - deydi MOMEM ijrochi direktori. Abdullayevning ta'kidlashicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari, jamoatchilik, xalqaro hamkorlar birgalikda oldinga harakat qilishi kerak bo‘lgan uchlikdir, ularning roli aynan hamkorlikdagi faoliyatda namoyon bo‘ladi.

"Bundan tashqari, biz Markaziy Osiyoda velosiped ixtiro qilishimiz shart emas, chunki iqlimning o‘zigarishi, suv resurslari bilan bog‘liq muammolar butun dunyoda o‘z tarixiga ega. Asosiysi, biz shu bilimlarga ochiq bo‘lishimiz, uni qabul qilishimiz va qo‘rqmasligimiz kerak. Qo‘rquvlarimiz ortda qolishi kerak. Barchasi bizning qo‘limizda, bizning faolligimizda. Eng muhim jihatlardan biri - Markaziy Osiyo mamlakatlarining ahil qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchli aloqalari", - qo‘shimcha qiladi u.

Top