23:00 / 05.06.2018
22678

Ramos «Liverpul» futbolchilarini jarohatlagani haqidagi tanqidlarga javob qaytardi

Foto: Getty Images

«Real» klubi himoyachisi Serxio Ramos «Liverpul»ga (3:1) qarshi Chempionlar Ligasi finalida raqib futbolchilarini o‘yindan chiqarishga uringani haqidagi tanqidlarga javob qaytardi.

Ba'zi muxlislar fikriga ko‘ra, Ramos raqib darvozaboni Loris Karius va hujumchisi Muhammad Salohga atayin jarohat yetkazgan.

«Juda ham oshirib yuborildi. Salohning o‘zi birinchi bo‘lib qo‘limni ushlab oldi. Hammasini yaxshi eslayman. Men Salohning o‘ng tomoniga yiqildim, u esa chap qo‘lidan jarohat oldi. Ammo, odamlar buni dzyudo amaliga o‘xshatishyapti, bu ularga yoqyapti. Yaqinda Karius haqidagi gaplar paydo bo‘ldi. Endi Firmino ham mening ter tomchilarim tufayli shamollab qolganini aytsin.

Salohga og‘riq qoldiruvchi ukol qilinganida, o‘yinni davom ettirishi mumkin edi. Men u bilan gaplashdim, hammasi joyida ekan. Odamlar bu voqeani nega bo‘rttirib talqin qilishayotganini tushunmayapman. Balki, bizning juda ko‘p vaqtdan beri g‘alaba qozonayotganimiz tufaylidir» - deb «Real» sardori so‘zlarini keltirmoqda AS.

Mavzuga oid
Top