«Ular o‘zlarini kim deb o‘ylashyapti? Bizni bir uyum axlat deb o‘ylashyapti shekilli», – achchiqlandi Urugvay terma jamoasi sardori va yetakchisi Varela. Rio ko‘chalarini aylangan futbolchi bir necha gazeta sotib olgan va ularning har birining muqovasida Braziliyani chempionlik bilan tabriklash boshlab yuborilgandi.

Braziliyaning kutilayotgan g‘alabasi haqida shaharning har bir devori baqirayotgandek edi go‘yo – Braziliya o‘zining tarixdagi ilk chempionligiga shu darajada qattiq ishonayotgandi. Aynan JCh-1950 uchun maxsus «Marakana» stadionini qurishgan, o‘yingohda bir vaqtda 195 mingdan ziyod muxlis tashrif buyurishi mumkin edi. «Braziliya terma jamoasi fan, san'at, balet va sirkni uyg‘unlashtirgan fantastik futbol namoyish etgandi va uning o‘z maydonida chempionlikni boy berishiga hech kim ishonmagandi», – deb yozadi keyinroq La Gazzetta dello Sport.

Urushdan keyingi ilk mundialda 29 jamoa qatnashish istagini bildirdi, ammo musobaqaga yaqin jamoalar soni 13ta qoldi. Argentina ashaddiy raqibi maydonida o‘ynashdan bosh tortdi, Germaniyani agressor sifatida turnirga qo‘yishmadi, Sobiq Ittifoq, Chexoslavakiya va boshqa Yevropa mamlakatlari endi urushdan chiqqan, futbol haqida o‘ylashga vaqtlari yo‘q edi. FIFA turnirga Xindistonni ham qo‘shdi, ammo ular oyoqyalang o‘ynashga ruxsat yo‘qligi uchun qatnashishdan bosh tortishdi. Ikki karra jahon chempioni Italiya «Torino»ning aviahalokatidan keyin u qadar kuchli emasdi, shuningdek okean bo‘ylab yo‘l azobi ularni charchatib qo‘ygandi.

Turnir noodatiy formatda tashkil qilindi. Birinchi va oxirgi marta jahon chempionatlari tarixida final uchrashuvi o‘tkazilmadi. Buning o‘rniga to‘rt jamoa final guruhiga chiqishgan va o‘zaro o‘yinlar natijasida eng ko‘p ochko to‘plagan jamoa chempion deb e'lon qilinishi kerak edi. Braziliya Shvetsiyani 7:1, Ispaniyani 6:1 hisobida yer tishlatdi. Bu o‘yinlardan keyin Urugvayga qarshi so‘nggi tur shunchaki rasmiyatchilikdek tuyulib qolgan, Braziliyani chempionlikdan shunchaki, vaqt ajratib turardi. Urugvay o‘z o‘yinlarini ancha kamtarona o‘tkazgan – Ispaniya bilan zo‘rg‘a durangga erishib, Shvetsiyani 3:2 hisobida yenggandi. Urugvay va Braziliya o‘rtasidagi so‘nggi o‘yin final maqomini oldi, faqat Braziliyani chempion bo‘lish uchun durang ham qanoatlantirardi. Ko‘pchilikni faqat bu o‘yinda «bechora urugvayliklar» o‘z darvozalaridan nechta to‘p olib chiqishi qiziqtirardi, xolos. 

«Yigitlar, yuqorida 200 ming mag‘rur braziliyaliklar o‘tirishibdi, ammo maydonga ular 11 kishi xolos. Hech qaysi o‘yin o‘ynalmasdan turib yutqazilmaydi. Olg‘a, Urugvay» – deb qisqa, ammo mazmunli nutqini yakunladi Urugvay sardori Varela. Butun birinchi bo‘limni uning jamoasi himoyada o‘tkazdi, ming o‘lib ming tirildi, ammo gol o‘tkazmadi. Braziliyaning darvozaga bergan 17 zarbasi besamar ketdi.