Jahon chempionatidan bir yil so‘ng tug‘ilganman. Nemislarning elitaga qaytgan musobaqasi. Gollandiya degan yurtning otilib, katta sahnaga chiqqan damlari edi. Albatta, bu voqealarni biz keyin videolarda ko‘rganmiz. Otalarimiz yaxshi eslashadi.
Ilk tomosha qilganim Maradonaga atalgan mundial bo‘lgan. 11 yosh edim. Argentina jahon chempioni bo‘lgan, xuddi tug‘ilishimdan bir yil oldingi Germaniyaga o‘xshab buyuklar safidan o‘rin olgan edi.

1990 yilgi jahon chempionati aqlimni tanigan paytlarim bo‘lgani uchunmi yo rostan ham katta jamoalar ko‘p bo‘lganidanmi, juda shiddatli o‘tgani yodimda. Germaniya Argentinadan qasos olgandi. Tug‘ilishimdan sal oldin elitaga qaytgan Germaniya aqlimni taniganimda ulg‘aygan Argentinani, xususan, uning yetakchisini yig‘latgan edi.

1994 yil. Universitetda o‘qiyman. Gazetada musahhih bo‘lib ishlayman. Ilk xabarsifat maqolalarim futbolga oid yozilganiga o‘sha mundial sababchi. Roberto Badjo siymosi shuning uchun ham ko‘z o‘ngimda o‘ta katta yulduz bo‘lib qolgandir. Balki.
Asr oxiridagi jahon chempionati finali ham shundoq ko‘z o‘ngimda. Sababi, aynan o‘sha kuni jurnalistika fakultetida diplom ishimni himoya qilgandim va o‘z nutqimni «bugun final bo‘ladi» deb boshlagandim. Zidan o‘sha kuni futbol elitasiga kirishini bilmasdim, ochig‘i. Braziliya qo‘rqinchli edi juda. Balki diplom ishimni himoya qilayotgan paytimda Ronaldoning o‘sha zaharlanajak ovqatini yeyayotgan paytiga to‘g‘ri kelgandir. Balki.

2002 yilgi mundial mening sharhlovchilik faoliyatimdagi muhim burilish edi. Finalni Mirzahakim akam bilan sharhlaganman. Yolg‘ondakam Germaniyaga muxlis bo‘lib boshlaganman (chunki nemislar yurib kelgan setka tomonidagi o‘yinlarning ko‘pi mening chekimga tushgandi), biroq Ronaldo gol urgach, uyalmasdan ustoz sharhlovchining gapini ham «yulib» olganim esimda. (Shu odatim haligacha bor)



















