Futbol bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati boshlanib, kunlik rejalarimizning bir qismiga aylanib bo‘ldi. Aynan shu kayfiyatda e'tiboringizga jahon chempionatlari tarixida ro‘y bergan qiziqarli voqealarni havola qilamiz.
JCh-1930. Nogiron bombardir
Futbol bo‘yicha ilk jahon chempionati 1930 yilda Urugvayda bo‘lib o‘tgan va ushbu mamlakat mustaqilligining yuz yilligiga bag‘ishlangandi. Barcha o‘yinlar Montevideodagi stadionda o‘tkazilgan. Argentina va Urugvay o‘rtasida kechgan finalda jamoalar har bo‘limda boshqa to‘plarda o‘ynashdi. Sababi, shunchaki, tomonlar kimning to‘pida o‘ynashni kelisha olmagan edi.

Ilk mundialda g‘alabani Urugvay terma jamoasi nishonlagan. O‘yin 4:2 hisobida mezbonlar foydasiga tugagan va so‘nggi gol Ektor Kastro hisobiga yozilgan. U jahon chempionatlari tarixida jiddiy jismoniy nuqsoni bo‘lgan yagona futbolchi sanaladi. Kastroning tirsagidan uyog‘ida qo‘li yo‘q edi.
JCh-1970. Sport – «urush elchisi»
1969 yilda Salvador va Honduras kelasi yili bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish huquqi uchun ikki uchrashuv o‘tkazishi kerak edi. Ilk o‘yin Hondurasga belgilandi. Bu o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan salvadorliklar javob o‘yiniga juda qattiq tayyorlanishdi. O‘yin ular uchun hayot va mamot masalasiga aylandi.
Bu safar Salvador raqibini 3:0 hisobida tor-mor etdi. Ammo o‘yindan keyingi tartibsizliklar natijasida honduraslik futbolchilar va muxlislar jabrlanishdi. Bunga javoban Hondurasda ham to‘polonlar bo‘ldi va u yerda istiqomat qiladigan salvadorliklarning uylarini buzish, kaltaklash boshlanib ketdi.

Futbol o‘z yo‘lida, endi g‘olibni aniqlash uchun uchinchi o‘yin tashkil etilishi belgilandi. Xavfsizlikni ta'minlash maqsadida o‘yin Meksikaga ko‘chirildi. O‘yin Salvadorning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Aynan shu o‘yin tugagach, har ikki davlat o‘zaro diplomatik aloqalarni uzishdi.
Bu hammasi emas. 1969 yilning 14 iyulida Salvador armiyasi chegarani buzib o‘tdi va ba'zi bahsli xududlarga joylasha boshladi. Ertasiga Amerika davlatlari tashkiloti yig‘ilish o‘tkazib, tomonlardan harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab qila boshladi. Iqtisodiy sanksiyalardan qo‘rqqan Salvador prezidenti Ernandes ziddiyatni to‘xtatishga rozi bo‘lgan bo‘lsa-da, bu ziddiyat allaqachon besh mingdan ortiq harbiylar va tinch aholini hayotdan olib ketib ulgurgandi. Oradan o‘n yil o‘tibgina, tomonlar tinchlik bitimini imzoladi.

















