Jamiyat | 20:04 / 02.07.2018
21893
4 daqiqa o‘qiladi

Ochiq sayyor sudda xavfli retsidivistga hukm o‘qildi 

2018 yil 29 iyun kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “Muqimiy” MFY hududidagi 144-sonli o‘rta maktab binosida jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining ochiq sayyor sud majlisi bo‘lib o‘tdi. X.Xaitov raisligida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida sudlanuvchi Vaxitov Mirkomil Abduvosiq o‘g‘liga nisbatan jinoyat ishi ko‘rildi.

Aniqlanishicha, sudlanuvchi M.Vaxitov, muqaddam o‘zganing mulkini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatini sodir etganligi uchun sudlanib, xavfli retsidivist sifatida ro‘yxatda turgan. Bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan 2018 yil 23 may kuni soat 12:30 lar atrofida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Zarbog‘ ko‘chasi 2-uy oldida qarovsiz qoldirilgan N.Atadjanovga tegishli davlat raqami 01 O 199 OA bo‘lgan “Neksiya-3” rusumli avtomashinasini ochiq qolib ketganligini ko‘rgan. Avtomashina ichida bo‘lgan N.Atadjanovning fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, taloni, mehnat daftarchasi va 170.000 so‘m miqdoridagi pullarni yashirin ravishda o‘g‘irlab olib, voqea joyidan yashiringan.

 Shundan so‘ng, N.Atadjanovning barcha shaxsiy hujjatlarini Toshkent shahar Bo‘rijar anhoriga tashlab yuborgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi M.Vaxitov o‘zining o‘g‘irlik jinoyatini takroran davom ettirib, 2018 yil 28 may kuni soat taxminan 17:00 lar atrofida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani B.Babayeva ko‘chasi 107-uy oldida qarovsiz qoldirilgan A.Kayumovga tegishli davlat raqami 01 N 949 YA bo‘lgan “Neksiya-3” rusumli avtomashinasini ochiq qolib ketganligidan foydalanib, avtomashina ichidagi 300.000 so‘m mikdoridagi pullarni yashirin ravishda o‘g‘irlab olib, voqea joyidan yashiringan.

Sud O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 59-(bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 60-(bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) va 61-(jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalariga asosan M.Vaxidovga tayinlangan jazolar hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudining 2016 yil 11 fevraldagi hukmiga ko‘ra, JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘g‘rilik, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) va boshqa moddalari bilan tayinlangan 6 yil ozodlik mahrum etish jazosi va keyinchalik JIB Navoiy shahar sudining 2017 yil 28 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra JKning 74-moddasiga (jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish)asosan axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan va o‘talmasdan qolgan 3 yil 7 oy 8 kuni tayinlangan jazolarga qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 5 (besh) yil 1 (bir) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Hukmdan norozi taraflar hukm e'lon qilingan kundan, mahkum va jabrlanuvchi hukm nusxasi topshirilgan kundan e'tiboran, o‘z istaklari bo‘yicha shu sud orqali jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga o‘n sutkalik muddat ichida apellyatsiya tartibida yoki hukm qonuniy kuchga kirgach kassatsiya tartibida shikoyat berishga, prokuror protest bildirishga haqli ekanligi tushuntirildi.

Mavzuga oid