O‘zbekiston | 16:44 / 03.07.2018
27470
4 daqiqa o‘qiladi

Islom sivilizatsiyasi markazi: bugun va ertaga (eksklyuziv videosuhbat)

Islom dini go‘zallik, tinchlik va salomatlik dinidir. Albatta, bu haqiqatni isbotlash uchun tarix zarvaraqlaridagi ibratli voqeliklar, ne-ne olimu ulamolarning hayot yo‘li va merosi biz uchun yetarlidir. Ayniqsa, ajdodlarimiz dunyo tamadduniga islom dinining sharofati bilan tamal toshini terishgan va islom ma'rifatini butun dunyoga yoyishgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda esgan ulkan islohot shamoli diniy sohada ham qator o‘zgarishlar va katta loyihalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘ldi. Xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish g‘oyasi xalqimizning uzoq yillik orzusi, qolaversa, dunyo musulmonlari uchun yuksak hurmat va ehtirom bo‘ldi. Ayni kunda mazkur loyiha hayotga tatbiq etilib, kun sayin bu markazda ishlar qizg‘in ketmoqda. KUN.UZ tahririyati Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov bilan suhbatda bo‘ldi.
 

- Tsivilizatsiya juda keng qamrovli, turli ma'nolarga ega so‘z. Bu so‘z ko‘proq “madaniyatli”, degan ma'noni anglatadi. Shu sabab “Islom sivilizatsiyasi” atamasi bu markaz uchun juda to‘g‘ri qo‘llanilgan. Chunki davlat rahbarimiz 2017 yilning 15 iyunida bu markazni “Islom madaniyati markazi”, qilamiz deya tashabbus bildirgan edilar. Keyin esa sentabr oyida, ulamolar bilan maslahatlashib, markaz “Islom sivilizatsiyasi” markaziga aylandi.

O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi beshigini tebratgan ulamolar juda ko‘p o‘tgan. VIII-XII asrlarda O‘rta Osiyoda renessans – “qayta uyg‘onish” davri bo‘ldi. Bunga sabab musulmon davlatida yashayotgan odamlar uchun Islom dini ma'rifati, tushunchasi va ilmiga bo‘lgan ehtiyoj paydo bo‘la boshladi, - dedi Sh.Minovarov.

Suhbatdoshimizning ta'kidlashicha, tarixchilar yakdillik bilan bir qarorga kelishib, eng katta uyg‘onish davri Mavoraunnahrda kuzatilganini qayd etishgan. 

- Aslini olganda, - deydi Sh.Minovarov. – yurtimizdan chiqqan olimu fuzalolar nafaqat Islom sivilizatsiyasiga, balki jahon tamadduniga ham o‘zlarining ilm-ma'rifatlari bilan juda katta hissa qo‘shishgan. Mutafakkir ajdodlarimiz tomonidan bitib ketilgan juda ko‘plab asarlar bugungi kunda jahonning turli nuqtalarida joylashgan muzeylarda saqlanmoqda. 

Buxoriy va Termiziy tufayli butun dunyo, jumladan, o‘zbek xalqi ham Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning sahih hadislaridan bahrmand bo‘lib keldi va bu hamon davom etmoqda. Yurtimizga tashrif buyurayotgan musulmon davlatlari elchilari bilan ko‘rishganimizda, ularning birinchi tilaklari ham Imom Buxoriy haqida tinglash, bilish va ziyoratlarini qilish bo‘ladi. Jumladan, Pokiston, Oman sultonligi va Bangladesh elchilari bugun O‘zbekistonda qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy ilmiy markazi bunyodkorligiga o‘z davlatlarining ham hissasi qo‘shilishini istashmoqda.

Biz 75 yil ateizm mafkurasi sharoitida yashadik. Ota-bobolarimiz, ota-onalarimiz dinimizni yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘yishmadi. Biz ana shu tuzumning izlarini butun sohadan o‘chirishga va to‘g‘ri yo‘lni topib olishimizga vaqt kerak bo‘ladi. Bu mening fuqarolik shaxsiy fikrim, - deydi suhbatdoshimiz.

Shoazim Minovarov bilan o‘tgan suhbat davomida tarix o‘z bag‘rida saqlab yotgan turli sirlardan boxabar bo‘ldik. Islom dini, ilm-fan va ma'rifiy-ma'naviy sohalarga doir bo‘lib o‘tgan suhbat davomida turli fikrlar o‘rtaga tashlandi, muhokamalar bo‘ldi.

Mavzuga oid