Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Og‘ir vaziyatda qolgan xotin-qizlar uchun Ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari ish boshladi
O‘zbekistonda og‘ir vaziyatda qolgan xotin-qizlar uchun Ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari ish boshladi. Bugunga kelib, Namangan, Xorazm, Sirdaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida bunday markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. KUN.UZ muxbiri Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatovaning Xalqaro Press-klubning FHDYo organlari faoliyatiga bag‘ishlangan sessiyasi doirasida bergan intervyusiga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
"Dastlab Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi ish boshladi. Bu yerga ayollar umid bilan kelgani bois markazni "Umid" deya nomladik. Barchaning hayoti bir xil kechavermaydi. Har bir oilada o‘ziga xos muammolar bor. Aksariyat muammolar ajrim masalalariga borib taqaladi. Muammoning tub mohiyatiga yetish uchun uni tahlil qildik va uning yechimini topish maqsadida markazlarni tashkil qilib, monitoring qilib o‘rganganimizda bu juda ham yaxshi natija berdi - ko‘plab oilalar tiklandi, yarashtirildi", - deydi Mukarram Normatova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markazda 6 ta xona - bolalar xonasi, oshxona, yuvinish xonasi, yotoqxona bor. Shuningdek, ayollarga tibbiy ko‘mak beruvchi muolaja xonalari bor. Markazda bu ayollarga moddiy tomondan ham yordam ko‘rsatiladi. Ayollar o‘z muammosini hal qilgunicha shu markazda yashashi mumkin, ularga har tomonlama e'tibor ko‘rsatiladi.
"Hozircha bunday markazlar Namangan viloyati bilan bir qatorda Xorazm viloyati, Sirdaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlarida xizmat ko‘rsatmoqda. Kelgusida ajrim ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan hududlardan boshlab barcha viloyatlarda ana shunday Ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu markazlarda psixolog, qishloq vrachlik punktlari, ayollar maslahatchilari jalb qilingan. Ular tunu kun ishlaydi", - deydi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.
Mutaxassisning KUN.UZ'ga ma'lum qilishicha, tez orada Respublika miqyosida Yagona raqam tashkil qilinishi kutilmoqda - bitta raqamga (1146) murojaat qilinadi va ayollar o‘sha yerda hududlarga qarab taqsimlanadi. Hozircha har bir hududning Ayollar ijtimoiy moslashuv markazlari o‘z raqamiga ega. Bu nafaqat ajrimlarning oldini oladi, balki turli noxush holatlarning oldini olishga ham yordam beradi.
"Ba'zi ayollar hayotning ma'lum bir bosqichida psixologik jihatdan og‘ir vaziyatda qoladi, shunday paytda ular o‘zini davlat himoyasida ekanligini his qilishi kerak. Tizim yo‘lga qo‘yildi, mexanizmlari ishlab chiqildi va ayni damda bu ishlayapti. Har bir ayol qanday muammoli vaziyatda qolganiga qaramay, bu markazlarga qabul qilinadi. Qamoqxonadan chiqqan ayollar, balog‘atga yetgan o‘tish yoshidagi qizlar ham shular jumlasidandir. Bu markazlardagi xotin-qizlarga mutaxassislar kerakli yordamni berishadi", - deydi Mukarram Nurmatova.
Mavzuga oid
12:30 / 29.12.2025
Bo‘stonliqda tog‘da qolib ketgan 3 nafar fuqaroga yordam ko‘rsatildi
13:26 / 22.07.2025
Rossiyada qiyin ahvolda qolgan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
13:32 / 30.04.2025
O‘zbekistonda “Bepul yuridik yordam ko‘rsatish kuni” o‘tkaziladi
22:00 / 25.03.2025