Jamiyat | 19:00 / 10.07.2018
40466
3 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura ta'lim tizimidagi poraxo‘rlik bilan bog‘liq 83ta jinoiy ish qo‘zg‘atdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti 2018 yil birinchi yarim yilligida ta'lim tizimidagi korrupsiya va poraxo‘rlik, ta'magirlik bilan bog‘liq 83ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Xususan, Toshkentdagi 247-maktab direktori 1-sinfga qabul qilishni 500 ming so‘m deb baholadi. U pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ta'lim muassasasini tijoriy foyda olish maskaniga aylantirishni nafaqat o‘qituvchilar, balki talabalar ham xohlamoqda. 

Chilonzor tibbiyot kollejining 1-kurs talabasi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi departament xodimlari tomonidan ushlandi. U 500 dollar evaziga tanishi orqali unga murojaat qilgan fuqaroni ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga joylashga va'da bergan. 

Departament xodimlari tomonidan oliy ta'lim tizimida ham korrupsiya va poraxo‘rlik holatlarini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, fuqarolar To‘laganova va Toshpo‘latova 15 ming dollar evaziga Toshkent pediatriya institutiga joylab qo‘yishni va'da qilib, pora olayotgan vaqtda qo‘lga olinishdi. 

Bundan tashqari Toshkent davlat pedagogika universiteti laboranti Boboyev 8 ming AQSh dollari olayotganda qo‘lga tushdi. U o‘ziga murojaat qilganlardan birini jismoniy tarbiya fakultetiga muammosiz kiritib qo‘yishini aytgan. 

Ushbu OTMning yana bir xodimi, kafedra dotsenti Ahmadaliyev oliy o‘quv yurtiga kirish uchun “beg‘araz” yordamini 4 ming dollarga baholagan. 

Ajablanarlisi, Toshkent davlat texnika universitetiga umuman aloqasi bo‘lmagan fuqaro Xo‘jaqulova 8 ming dollar hisobiga mazkur ta'lim dargohiga byudjyet bo‘yicha o‘qishga kiritib qo‘yishini aytgan. 

Albatta, bu kabi holatlar faqat Toshkent shahrida yuz berayapti, deb o‘ylash noto‘g‘ri bo‘lar edi. Qoraqalpog‘iston davlat universiteti o‘zbek tili filologiyasi dekani Hamro Abdullayev abituriyentlardan biriga ijodiy imtihonda eng yuqori ball qo‘yishni 4,5 ming dollarga baholab, 200 dollar avans olayotgan vaqtda ushlandi. 

Joriy yilning birinchi yarim yilligida shu kabi holatlar bo‘yicha 83 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shundan 16tasi o‘rta ta'lim maskanlarida, 31ta OTMda, 36tasi akademik litseylar va kollejlarda sodir etilgan. 

Tahlillarning ko‘rsatishicha, ta'lim tizimidagi poraxo‘rlik OTMga hujjatlar qabul qilishning boshlang‘ich davriga to‘g‘ri keladi. Jumladan, yanvarda 5ta, fevralda 16ta, martda  11ta, aprelda 10ta, mayda 16ta va yoz mavsumi boshlanganidan buyon 2 ta holat aniqlandi.

Mavzuga oid