Jamiyat | 16:50 / 14.07.2018
17947
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘ztransgaz” AJ barcha hududiy gaz ta'minoti idoralarining faoliyatini yaxshilaydi 

“2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasi”da  belgilangan vazifalar, shuningdek, “2018 - Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturi doirasida “O‘ztransgaz” AJ aholi turmushini yanada yaxshilash, sohani malakali va bilimli yoshlar bilan ta'minlash, kreativ yondashuvlar asosida faoliyatni rivojlantirish maqsadida ko‘plab samarali loyihalarni amaliyotga joriy etib borayapti. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya bugun tizimdagi har bir xodimning faoliyat mezoniga aylandi. Muhimi, eskicha usulda ishlashning har qanday shakllaridan to‘laligicha voz kechilyapti. Tizim tasarrufidagi gaz ta'minoti idoralari faoliyatini tubdan yaxshilash, har bir ishchi-xodim mehnatini moddiy rag‘batlantirishga qaratilgan tadbirlar salmog‘i tobora ortib borayapti.  Sohada davr talablariga mos ravishda ish yuritish, tizimda sog‘lom raqobatni kuchaytirishga imkon beruvchi tanlovlar soni ham ko‘paygan, deya ma'lum qilmoqda “O‘ztransgaz” AJ  Matbuot xizmati. 

Foto: O‘ztransgaz

Hozirda “O‘ztransgaz” AJ barcha hududiy gaz ta'minoti idoralarining faoliyatini yaxshilash choralarini ko‘rmoqda. Yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash, ya'ni debitor qarzdorlikka yo‘l qo‘ymaslik, aholiga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish, tuman gaz xo‘jaligini kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyorlash, gaz quvurlarini mukammal ta'mirlash dasturlarini muddatida bajarish, gaz idorasi binosi, servis markazlari, avtotransport vositalari, gaz quvurlari va gaz taqsimlash punktlarining namunaviy holatdaligi doimiy nazoratda. “O‘ztransgaz” AJ tizimidagi korxonalar o‘rtasida tashkil qilingan va 2018 yilning 15 iyulidan 31dekabriga qadar davom etadigan “Eng ilg‘or tuman/shahar gaz ta'minoti” Respublika tanlovida ham ayni talablarni bajarish shart qilib qo‘yilgan. G‘olib idorani rag‘batlantirish uchun qo‘yilgan sovrin ham chakkimas: “KIA SPORTAGE STATION” rusumli avtomashinasi va idoraning har bir xodimiga 1 mln.so‘mdan mukofot puli. 

Foto: O‘ztransgaz

Albatta, korxonalar o‘rtasida shakllangan sog‘lom raqobat, tabiiyki, soha taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, prezidentimizning kelajagimiz bo‘lgan yoshlarga alohida e'tibor borasidagi siyosatlari 4 mingdan ziyot yosh yigit-qiz mehnat qilayotgan “O‘ztransgaz” AJ tizimida ham qabul qilingan chora-tadbirlar rejasi hamda Kontseptsiyada yaqqol ifodasini topdi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi arafasida tashkil qilingan “Eng ilg‘or gaz xo‘jaligi xodimi” Respublika tanlovida ham yoshlarning sohaga oid innavatsion g‘oyalari, takliflari, xodimning jamoadagi o‘rni, erishgan yutuqlari, fidoyiligi, kasbga sadoqati alohida e'tiborga olinadi. Unda 10 nafar xodimga 2,5 mln so‘mdan to 10 mln so‘mgacha pul mukofotlarining berilishi faollikni yanada oshirsa, ajab emas. Ayni vaqtda info@uztransgaz.uz elektron manziliga kelayotgan ma'lumotlar orqali ham yosh mutaxassislardagi qiziquvchanlik, mehnatga layoqat va kelajakka ishonch tuyg‘ularining nechog‘lik kuchliligini bilish qiyin emas. Ulardagi bilim va salohiyat kelgusida davlat iqtisodiyotini mustahkamlash barobarida, jamiyatdagi ijtimoiy masalalarning ijobiy hal qilinishiga zamin hozirlashi, shubhasiz.

Foto: O‘ztransgaz

 

Mavzuga oid