Jahon | 11:40 / 16.07.2018
10508
3 daqiqa o‘qiladi

Myanmada rohingyalar qatag‘oni yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan jurnalistlar sud qilinadi

Myanmada o‘tgan yil yozida hibsga olingan ikki jurnalist - Reuters agentligi jurnalistlari 32 yoshli Va Lun hamda 28 yoshli Kyu So U davlatning maxfiy hujjatlarini olganlikda ayblanmoqda. Ularning ishi dushanba kuni sudda ko‘rib chiqiladi. Ularga 14 yillik qamoq jazosi tahdid qilmoqda.

Foto: Va Lun / REUTERS/Ann Wang
Foto: Kyu So U / REUTERS/Ann Wang

Dunyo hamjamiyati shu masalaga etiborini qaratgan va muxbirlarning ozod etilishini talab qilmoqda. Ayrim siyosiy arboblar va faollar ushbu hodisani hamon harbiylar katta ta'sirga ega mamlakatda Nobel mukofoti sovrindori, bosh vazir Aung San Su Ki olib borayotgan demokratiyani ta'minlashga qaratilgan siyosat yo‘lidagi sinov sifatida baholashmoqda.

Myanma hukumati bosh kotibi Zo Htai yuqoridagi fikrlarni rad etgan holda davlat sudlari mustaqil faoliyat yuritishini va jurnalistlarning ishi qonunchilik doirasida ko‘rib chiqilishini aytib o‘tgan.

Muxbirlar Myanma g‘arbida rohingyalar istiqomat qiladigan qishloqda 10 nafar rohingya musulmonlarining o‘ldirilishi yuzasidan surishtiruv olib borishayotgandi. Ushbu qotilliklar harbiy qatag‘on vaqtida sodir etilgan. BMT hisobotiga ko‘ra, o‘sha paytda qo‘shni Bangladeshga 700 ming rohingya musulmonlari qochib o‘tgan.

Jurnalistlarning aytishicha, ularni shimoliy Yangonda restoranlarning birida ikki politsiyachi to‘satdan qo‘lga olishgan. Sud jarayoni bir necha haftaga cho‘zilishi kutilmoqda.

Himoya uchun guvohlar chaqiriladi, dalillar o‘rganiladi va prokuror tomonidan jiddiy tekshiruvdan o‘tadi. Ikki tomon so‘nggi xulosani taqdim etganidan keyin sudya hukmini e'lon qilishi kutilmoqda. Guvoh, politsiya kapitani Mo Yan Naing, aprel oyida Yangon tuman sudiga bergan ko‘rsatmasida ofitser muxbirni qo‘lga tushirish uchun Va Lon ishiga oid hujjatlarni soxtalashtirishga buyruq berganligini aytgan. Shundan so‘ng Mo Yan Naing politsiya intizomiga rioya qilmagani uchun bir yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Uning oilasi esa xizmat uyidan chiqarib yuborilgan. Politsiya uning ko‘rsatmasi chiqarilgan hukmga hech qanday aloqasi yo‘q ekanligi haqida bayonot bergan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid