Krishtianu Ronaldu «Yuventus»ga 112 million yevro evaziga o‘tgach, keyingi kun voqealari tabiiy ravishda, futbolchi transferi ustidan marketing masalasi, misol uchun, Ronaldu ismi tushirilgan futbolkalarning sotilishi haqida xabarlar ko‘paydi. 16 iyul kuniga kelib «Yuventus» 55 million yevrolik futbolka sotgani haqida ma'lumot taqdim etilgach, go‘yoki, ushbu transfer qiymatining qariyb yarmi juda qisqa muddatda qoplangani haqida yoza boshlashdi. Bu haqida ayniqsa, futbolga ixtisoslashmagan yangilik saytlari bong urishdi.

Foto AFP

Aslida ham shundaymi? Agar qandaydir hafta ichida eng qimmat transferlarni ham qoplash mumkin bo‘lsa, nega klublar bunday ishga tez-tez qo‘l urishmaydi? Nega futbolchining narxi shunga yarasha yana bir necha barobar qimmat bo‘lib ketmagan?

Bu noto‘g‘ri fikr. Adidas, Nike kabi kompaniyalar tuziladigan homiylik shartnomalari oddiy homiylik shartnomalaridan farq qiladi. Misol uchun, Adidas «Yuventus» bilan katta miqdorda shartnoma tuzdimi, bu kompaniyaning o‘z mahsulotlarida klub brendidan foydalanish imkonini ham beradi. Ushbu kompaniyalarning mana shunday yirik transferlarda bosh-qosh bo‘lishlari (Pogbaning «MYu»ga o‘tishdagi holatni eslang) ham shundan. Kompaniya o‘zi homiylik qilayotgan klublarda imkon qadar brend futbolchilarning, yulduzlarning to‘p surishini istashadi. Bu ba'zida jamoaning futboldagi natijalaridan ham kattaroq ahamiyat kasb etib yuboradi.  

Albatta, Ronalduning transferi «Yuventus»ga marketing sohasida katta daromadlarni olib kelishi bor gap. Klub imiji, dunyo bo‘ylab e'tiborning oshishi, translatsiyalardagi ulush o‘z-o‘zidan klubning marketing bo‘yicha muzokaralarida qo‘l keladi, kelishuv summalarini sezilarli darajada oshirishi turgan gap. Masalan, Ronalduning Turinga o‘tishi haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lgan kundan boshlab bugungacha, «Yuventus»ning aksiyalari 33 foizga oshgan. Ammo yuqorida aytilganidek, klublarning futbolka sotish orqali transfer qiymatini osongina qoplashlari to‘g‘ri ma'lumot emas.

Futbolkalar, klub liboslarini ishlab chiqarish, sotish va foyda ko‘rish bilan klub emas, aynan Adidas, Nike kabi kompaniyalar shug‘ullanishadi. Klublar faqat avvaldan belgilab qo‘yilgan yillik to‘lovlarni va qo‘shimcha futbolkalar sotuvidan tushgan daromadning 10-15 foizini oladi, xolos. Misol uchun, Adidas Ronalduning futbolkasidan 55 million yevro daromad qilgan bo‘lsa, «Yuventus»ga shundoq ham har yili oladigan summasiga qo‘shib, 55 millionning 10-15 foizi – 5-8 million yevro berishi mumkin xolos. Ya'ni, yirik transferning to‘lig‘icha, hatto yarmi ham sotilayotgan futbolkalar yordamida qoplanishi deyarli imkonsiz ish.