Ajal vodiysidagi arvoh-shahar 1 mln funtga sotildi
Ajal vodiysida joylashgan, o‘q va qon izlari hali ham yo‘qolmagan arvoh-shahar 1 mln funtga sotildi, deb xabar berdi The Sun.
Serro Gordo — bu bir paytlar kumush qazib olingan tashlandiq shahar. 19 asrning 70-yillarida u Yovvoyi G‘arbdagi eng xavfli maskanlardan biri bo‘lgan. Bu yerda haftasiga kamida bitta qotillik yuz bergan. Buni shahardagi binolar tasdiqlaydi – ularning devorlari o‘qlardan ilma-teshik bo‘lib ketgan.
Ammo shaharning yangi egalari tavakkalga qo‘l urishmoqchi va uni osori atiqa sifatida saqlab qolish uchun yana 770 ming funt sarmoya kiritishmoqchi. Bu yerda saqlanib qolgan 22ta bino orasida mehmonxona, cherkov, do‘kon, muzey va foydali qazilmalarni yuqoriga tortib olishga mo‘ljallangan ko‘targich bor.
Los-Anjyeles shimolidan 200 mil narida joylashgan bu shaharga 1865 yilda asos solingan. Avvaliga bu yerda kumush qazib olingan, keyinroq u butun Kaliforniyadagi eng yirik qo‘rg‘oshin ishlab chiqariluvchi maskanga aylangan. Ammo kumush narxining tushib ketishi kon sanoatiga barham bergan va 1950 yilga kelib shahar butunlay bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan.
Ko‘chmas mulk bo‘yicha agentning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda arvohlarni tez-tez ko‘rish mumkin.
Shaharning yangi egalari bu yerda mehmonxona, restoran, musiqa studiyasi va teatr bunyod etishmoqchi.