O‘zbekiston | 16:24 / 23.07.2018
31433
2 daqiqa o‘qiladi

Davlatzoda: hech kim O‘zbekistondan bu mahsulotlar importini taqiqlamagan

Foto: Asia-Plus

«Tojikstandart» xodimlari tomonidan yil boshidan buyon standartlarga mos kelmagan yoki butunlay muddati o‘tgan va buzilgan ming tonnadan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari olib qo‘yildi.

«Bu mahsulotlarning ba'zilari standartlarga mos kelmagan bo‘lsa, boshqa qismi - markalash standartlariga mos emas», - deya xabar berdi Tojikistonning Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va savdo inspeksiyasi bo‘yicha agentligi boshlig‘i Qudrat Davlatzoda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilning birinchi yarmida Agentlik oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi normalariga mos kelmagan oziq-ovqat tovarlarining ichki bozorga tushishi bilan bog‘liq 2350ga yaqin holatni aniqladi.

«Olib qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari orasida 300 tonnadan ortiq go‘sht mahsulotlari, 153 tonna un, 136 tonna qandolat mahsulotlari, 105 tonnadan ziyod turli xil ozuqa qo‘shimchalari, 68 tonna alkogol ichimliklar, 58 tonna choy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bor, jami 1,1 ming tonnadan ziyod», - dedi Davlatzoda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tovarlarning aksariyati chet eldan tadbirkorlar tomonidan olib kirilgan.

Shuningdek, u O‘zbekistondan tuxum va qandolat mahsulotlarini olib kirish taqiqlanganligi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi.

«Hech kim qo‘shni respublikadan bu mahsulotlarni olib kirishni taqiqlamagan, ular bizning talablarimizni qondirsa va ularning sifati Tojikistonda qabul qilingan texnik qoidalarni buzmasa bo‘ldi» - dedi u. 

Shu bilan birga, Davlatzodaning ta'kidlashicha, tovarlar kelib chiqishida mamlakatning ahamiyati yo‘q: Eron, O‘zbekiston, Xitoy yoki boshqa davlat, agar tovar sifatsiz bo‘lsa, ular sotuvdan olib tashlanadi.

Mavzuga oid